Hindistonda anomal issiq sabab qurbonlar soni oshmoqda
Hindiston janubi anomal jazirama iskanjasida. Havo harorati 45°C dan oshgan hududlarda o‘nlab insonlar issiq tufayli halok bo‘ldi. Bu holat hukumatni favqulodda choralar ko‘rishga majbur qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, o‘lkaning Telangana shtatida havo haroratining keskin ko‘tarilishi oqibatida kamida 16 nafar fuqaro issiq urishi tufayli hayotdan ko‘z yumgan.
Rasmiylarning bildirishicha, mazkur hududda termometr ko‘rsatkichi 45 darajali issiqlik chegarasidan ham o‘tib ketgan. Juda og‘ir kechayotgan bunday ob-havo sharoiti sababli shtat rahbariyati zudlik bilan favqulodda majlis chaqirdi.
Hukumat fuqarolardan o‘ta zarur ehtiyoj bo‘lmasa, ayniqsa kunduzgi soatlarda ko‘chaga chiqmaslikni, quyoshdan saqlanishni hamda salomatlikni asrash uchun barcha xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishni so‘ramoqda.
Hindiston meteorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Janubiy Osiyoning ushbu qismida hukm surayotgan bunday haroratli ob-havo to‘lqini kamida 26-mayga qadar saqlanib qolishi kutilmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA