Hindiston va Marokashdan keyin Rossiya ham Turkiyadan benzin sotib oldi
Rossiya tarixda ilk bor Turkiyadan benzin sotib oldi. Vaholanki, ruslar ko‘p yil davomida ushbu mamlakatni xom neft va yonilg‘i bilan ta’minlab kelgan.
“Kommersant” nashri xabar berishicha, 50 000 tonnagacha turk benzini tashiydigan birinchi tanker avgust oyi oxiriga qadar RFning Boltiq bo‘yi portlaridan biriga yetib keladi. Yonilg‘i Yevropa Ittifoqi, shuningdek Buyuk Britaniya va Shveysariya sanksiyasi ro‘yxatidagi, Mersin portidan yuklangan “Wendrix” tankeri tomonidan tashilmoqda.
Ta’kidlanishicha, bu Moskva iyul oyidan beri import qilgan beshinchi jo‘natma. Avgust oyi boshida Hindistondan benzin tashiydigan birinchi tanker Murmanskda bo‘shatildi va “Rosneft”ga yarim tegishli “Vadinar” neftni qayta ishlash zavodiga yo‘naltirildi.
Rossiya Marokashdan ham benzin sotib olgan. Faqat jo‘natmaning asl kelib chiqishi noma’lum, chunki mamlakatdagi yagona neftni qayta ishlash zavodi 2015-yil yopilgan.
Avvalroq “Reuters” manbalari avgust oyida “Rossiya import yonilg‘isi xaridini 270 000 tonnagacha oshiradi”, deya xabar tarqatgan edi. Ushbu hajmning uchdan bir qismi RF neftini chegirma bilan sotib oluvchi Hindistondan keladi. Qolgan yuk Janubiy Koreya va Malayziya qirg‘og‘i orqali kemadan kemaga o‘tkaziladigan neft mahsulotidan iborat.
“NEFT Research” tahlil agentligi tashqi aloqalar direktori Dmitriy Prokofev hisob-kitobiga ko‘ra, mahalliy benzin ishlab chiqarish hozir iste’molning atigi 65-75 foizini qoplayapti.
Sanoat manbalari ma’lum qilishicha, sentabr oyida neft ishlab chiqaruvchilar taqchillikni mahalliy hisobdan qoplay olmaydi. Eng ijobiy bashorat yonilg‘i ishlab chiqarish 10-15 foiz oshishini ko‘rsatyapti, xolos.
S.Rahimov, O‘zA