Hindiston Bosh vaziri davlatimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlandi
Ko‘ksaroy qarorgohida Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modiga O‘zbekiston Respublikasining “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, Hindistonning so‘nggi yillardagi jadal taraqqiyoti hamda xalqaro maydonda tobora ortib borayotgan nufuzi bevosita mamlakat yetakchisining samarali faoliyati bilan bog‘liq. Muvaffaqiyatli dastur va strategiyalar tufayli zamonaviy Hindiston barcha sohalarda olamshumul yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.

Davlatimiz rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, bu qaror Hindiston Bosh vazirining ikki xalq o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shayotgan beqiyos hissasi uchun O‘zbekiston xalqi va davlatining yuksak ehtiromi ifodasi ekanini aytib o‘tdi.

Ushbu tarixiy tashrif va o‘tkazilgan sermahsul muzokaralar natijasida do‘st mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga erishildi.

Birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalar yangi sifat bosqichiga olib chiqilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Mazkur mukofot ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishiga ishonch bildirildi.
– Umumiy intilish va harakatlarimiz bilan ko‘p qirrali va uzoq muddatli aloqalarimiz kelgusida ham jadal rivojlanib borishiga aminman, – dedi Prezidentimiz.