Hech kim virusning domiga tushmasin
Fargʻona viloyatida ilk bor Yozyovon tumanida koronavirusni yuqtirgan bemor qayd qilindi.
Fargʻona viloyatida ilk bor Yozyovon tumanida koronavirusni yuqtirgan bemor qayd qilindi. Bu koʻpchilikni sarosimaga solib qoʻygani ham rost. Tibbiyot xodimlari barcha saʼy-harakatlarni koʻrdi, tuman hududida kuchaytirilgan karantin joriy qilindi.
Bitta oilaning barcha aʼzolarida infeksiya aniqlanib, shifoxonaga yotqizildi. Bir oʻlim holati ham boʻldi. Lekin bu ofat bilan kurashda tuman hokimligi, ichki ishlar, milliy gvardiya, sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari, shifokorlar va aholining hamjihatligi katta boʻldi, kasallik jilovlandi. Koronavirusning viloyatga tarqalishi oldi olindi. Ayni paytda tumanda barqaror holat saqlanib turibdi. Tuman yuqumli kasalliklar boʻlimi hamshirasi Tursunoy Ibrohimova bu yoʻlda fidoiylik koʻrsata oldi.
Uning Prezidentimiz farmoni bilan “Sogʻlom turmush” medali bilan mukofotlangani haqidagi xabar birpasda butun tumanga tarqaldi. Tursunoyni birinchi boʻlib qadrdon jamoasi qutladi. Uning koʻzlaridagi sevinch yoshlari pandemiyaning dastlabki kunlaridagi mehnati mashaqqatlarini bir lahza xotirlashga sababchi yoshlar edi.
– Shu sohada 28 yil ishlagan boʻlsam, faoliyatimda ilk bor juda qiynaldim, – deydi Tursunoy Ibrohimova . – Margʻilondagi tibbiyot bilim yurtini bitirib, yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yangi ishga borganimda ham bunchalik qoʻrqmagandim. Yozyovonda virusga chalingan kasal chiqibdi, degan kundan biz shifoxonada qoldik. Menga ustozlarim har qanday kasaldan qoʻrqmaslikni oʻrgatgan. Shu boisdan virus yuqtirib olgan kasalga mehr bilan, hech narsadan hadiksiramay qaradim. Faqat men emas, vrachlar, hamshiralar oddiy bemorga qaraganday qarashdi. Koʻp oʻtmay shifoxonamiz karantinga olindi. Ana shu fursatda mening ham tomogʻim shishib, oʻzimni lohas seza boshladim. Tezda tekshiruvdan oʻtkazishib, Fargʻonadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolandim. Soʻng “Chimyon” sanatoriysida dam oldim. Ishga chiqishim kerak edi, uyda ozgina qurilish ishlari borligi uchun rahbarlardan iltimos qilib mehnat taʼtili oldim. Prezidentimiz dastlab 100 million soʻm bilan taqdirladi. Mana endi ushbu medal bilan mukofotladi. Shu fursatdan foydalanib, xalqimizdan iltimos qilaman, oʻzingizni, yaqinlaringizni, boshqalarni ham ehtiyot qilish uchun karantin qoidalariga rioya qilaylik. Bu virus tezda yuquvchan, immuniteti past odamlarni ancha qiynoqqa soladigan turidan. Ushbu virus bilan yuzma-yuz kelgan tibbiyot xodimi sifatida hech kim uning domiga tushmasin, deyman.
Tursunoy yana qaynoq hayot ichida. Salomatlikni asrashdek ezgu ishga hissa qoʻshayotganidan doimo minnatdor.