Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmaydi
Yurtimizda bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Buxoro viloyati prokuraturasi tashabbusi bilan «Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin» hamda bitiruvchilarni oliy ta’limga jalb qilish va kasbga yo‘naltirish borasida «Mening a’lo kasbim» loyihasi doirasida Buxoro shahridagi 32-«Mehribonlik uyi»da o‘tkazildi.
Respublikamizda o‘tkazilayotgan «Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik» festivalining mantiqiy davomi sifatida o‘tkazilgan tadbirda, «Buxoro xalqaro aeroporti», «Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli» xodimlari va IT park rezidentlari ishtirok etib, tarbiyalanuvchilarga o‘z kasblari yuzasidan tushunchalar berdi.
Tadbirda qatnashgan viloyat oliy ta’lim muassasalari rektorlari oliy ta’lim yo‘nalishida yoshlarga, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘zlab berdilar.
«Mening a’lo kasbim» loyihasi doirasida faol ishtiroki, namunali xulqi va ta’lim-tarbiyasi bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lgan 3 nafar tarbiyalanuvchiga viloyat prokurorining faxriy yorlig‘i hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
«Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik» yoshlar festivali doirasida o‘tkazilgan kurash bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida «Viloyat prokurori kubogi» ochiq turniri musobaqa qatnashchilari va tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Qizg‘in bahslar asosida kechgan musobaqa yakunida ko‘hna va qadim shahar markazi «Poyi kalon»da taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Birinchi o‘rinni Toshkent shahar jamoasi, ikkinchi o‘rinni qadimiy va ko‘hna Buxoro jamoasi, uchinchi o‘rinni Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari jamoalari vakillari egalladi.
Viloyat prokurori Mahmud Istamov g‘olib va sovrindorlarni samimiy qutlab, esdalik sovg‘alar va faxriy yorliqlar bilan taqdirladi.
O‘zA