Hech kim mehr va e’tibordan chetda emas
Andijon viloyati Marhamat tumanida “Hech kim mehr va e’tibordan chetda emas” shiori ostida jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlar o‘rtasida sportning bochcha turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 8 noyabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Marhamat tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hamda tuman Bolalar va o‘smirlar sport maktabi hamkorligida musobaqa tashkil etildi. Unda Marhamat hamda qo‘shni Farg‘ona viloyati Quva tumanida istiqomat qiluvchi 30 nafarga yaqin jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlar yaqinlari, ijtimoiy himoya markazi xodimlari kuzatuvida ishtirok etdi.

– Yurtimizda jismoniy imkoniyati cheklangan, ko‘ngli o‘ksik insonlarga yordam ko‘rsatish, ijtimoiy himoya qilish masalasiga ustuvor vazifalardan biri sifatida alohida e’tibor qaratiladi, – deydi Marhamat tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi rahbari Murodil Ashurov. – Ana shundan kelib chiqib, qolaversa, ularni hayotga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan musobaqadan ishtirokchilar bir olam quvonch oldi.
Imkonsizlikdan imkon topishga uringan, hayotga, yashashga bo‘lgan umidi bilan maydonda dadil harakat qilgan sabr va matonat sohiblari musobaqada o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, musobaqada Marhamat tumani Yuqori Rovot mahallasida yashovchi Gulhayo Kimsanboyeva 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Quva tumani vakili Umidjon Dadaxonovga, uchinchi o‘rin esa marhamatlik Ruhshona Avazbekovaga nasib etdi.
Musobaqaning g‘olib, sovrindor va ishtirokchilari tashkilotchilar tomonidan diplom, tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Ma’lumot o‘rnida, Bochcha – jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarni imkoniyatlarini kengaytirish, sog‘lomlashtirishga qaratilgan sport turi hisoblanadi. Ushbu sport 1984 yildan boshlab yozgi paralimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan. Bochcha sportida jismoniy imkoniyati cheklangan, nogironlik aravachasida yuradigan insonlar qo‘li bilan maxsus to‘pchani uloqtirib, belgilangan joyga o‘rnatilgan savatchaga yoki savatchaga eng yaqin hududga tushirishi lozim.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.