Hech kim mehr va e’tibordan chetda emas
Sirdaryo viloyatida ham 30 noyabrdan 30 dekabrga qadar "Mehr-muruvvat oyligi" e’lon qilingan. Mazkur oylik doirasida viloyatda istiqomat qiluvchi nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Xususan, Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Mahmudaliyev, sektor rahbarlari Sirdaryo tumanida bo‘lib, 71-sonli yordamchi maktab-internatida ta’lim-tarbiya olayotgan o‘quvchilar, "Muruvvat" nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyida davolanayotgan xotin-qizlar, "Kamolot" mahallasidagi ko‘p qavatli uylarda istiqomat qilayotgan nogironligi bo‘lgan fuqarolar holidan xabar oldi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi yordamchi maktab internatida ayni vaqtda 222 nafar imkoniyati cheklangan bola ta’lim-tarbiya olmoqda. Bu bolajonlarga mehr ko‘rsatilib, bayram sovg‘asi sifatida issiq kiyim-kechaklar tarqatildi.
Muassasada o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishilib, mas’ullarga bino va inshootlardagi kamchiliklar, yoritish tizimini yaxshilash choralarini ko‘rish topshirig‘i berildi.

“Muruvvat uyi”da vasiylikka olingan 260 nafar nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar holidan xabar olinib, ularga ham sovg‘alar ulashildi.

So‘ng mas’ullar "Kamolot" mahallasidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolar bilan uchrashdi. Samimiy muloqotda nogironligi bor fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash borasida so‘z bordi. Shuningdek, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, muammolarini bartaraf etish borasida ko‘plab imtiyozlar joriy etilgani ta’kidlandi.

Xotin-qizlarning jismoniy imkoniyatini hisobga olgan holda kasbga yo‘naltirish, uy sharoitida daromad olishlarini ta’minlash, tikuv mashinasi, elektr pech va boshqa zarur anjomlar uchun subsidiya ajratiladigan bo‘ldi.
18 nafar nogironligi bo‘lgan xotin-qizga ro‘zg‘or buyumlari va oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat homiylik yordami ko‘rsatildi.
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev (surat), O‘zA