Hech bir murojaat Sirdaryoda javobsiz qolmayapti
Xovos tumanining Oqchangal mahallasida istiqomat qilib kelayotgan fuqaro Jumagul Yarmanova uy-joy ta’miriga muhtojligi sabab tuman hokimligi va sektor rahbarlariga murojaat qilgan edi.
Uning murojaati tumanda javobsiz qolmadi. Oila tuman hokimligi, sektor rahbarlari tashabbusi bilan “Ayollar daftari”ga kiritildi. Muammolar atroflicha o‘rganib chiqildi. Maxsus komissiya tuzilib, har tomonlama yordam berish choralari ko‘rildi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondining tuman bo‘limi qoshida ochilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan uy-joy ta’miri uchun oilaga qurilish materiallari olib berildi.

Natija ham yomon bo‘lmadi. Oila yaxshi insonlarni, qolaversa, “Mahalla” xayriya jamoat fondining tuman bo‘limi xodimlari yordami bilan yog‘in-sochin kunlarga qolmay xonadonini ta’mirlab oldi.
Bundan tashqari, tumanda mazkur fondning “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlarni biror-bir hunar turi bo‘yicha o‘qib, o‘z bizneslarini boshlashlari uchun tikuv mashinkasi va moliyaviy ko‘mak berayotgan bo‘lsa, mehnatga qobiliyatsiz, o‘zgalar parvarishiga muhtoj hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga sog‘liqlarini tiklash, uy-joy ta’miriga muhtoj bo‘lgan oilalarga har tomonlama yordam ko‘rsatmoqda.

– Bu ishlar o‘z samarasini bermasdan qolmayapti, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondining Xovos tuman bo‘limi bosh mutaxassisi Pardaxol Ashirova. – “Ayollar” qolaversa “Temir” daftarga kiritilgan oilalar ko‘rsatilayotgan yordamlar sabab o‘z yo‘lini topib, o‘ziga, oilasiga daromad keltiradigan ishni etagini tutib, daftarlardan chiqayotgan bo‘lsa, sog‘lig‘ida muammosi bor opa-singillarimiz jamg‘arma mablag‘i hisobidan sog‘liqlarini tiklab oilalari bag‘riga qaytyapti. Muhimi, hech bir ayol, imkoniyati cheklangan va ijtimoiyi himoyaga muhtoj oila vakili tumanimizda e’tibordan chetda qolmayapti.
Shuhrat Suyarov,
Furqat TOSHMATOV(surat),O‘zA