Hayot, taraqqiyot va adolat qomusi
Mana, Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 29 yilligini nishonlamoqdamiz. Mustaqil Vatanimizning Bosh qonuni bo‘lgan Konstitutsiyani o‘rganish, anglash, hayotga joriy etish va unga so‘zsiz amal qilish – barchamizning sharafli burchimizdir.
Konstitutsiyamizning har bir moddasi millionlab fuqarolarimizning taqdiriga dahldor. Konstitutsiya - xalqimiz uchun hayot, taraqqiyot va adolat qomusidir.
Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev o‘z ma’ruzalaridan birida bejizga buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temurning Oqsaroy peshtoqiga «Adolat-davlatning asosi va hukmdorlar shioridir», degan hikmatli so‘zlarni yozdirmaganligiga, ushbu ulug‘vor g‘oya Konstitutsiyamiz asosida ham o‘z ifodasini topganligiga ahamiyat qaratadilar.
Bugun jamiyatimizda istiqomat qilayotgan har bir inson Qomusimiz moddalari ro‘yobini amalda ko‘rmoqda, mohiyati va ahamiyatini o‘z taqdirida his qilmoqda. Darhaqiqat, Konstitutsiyamizga ko‘ra, voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning himoyasi davlat himoyasidadir. Davlat va jamiyat yetim bolalarning, ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi.
Shuningdek, Bosh Qomusimizning moddalarida har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqliligi, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekani, mulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qilishi, tadbirkorlik erkinligi faoliyati belgilab qo‘yilgan.
Qolaversa, Asosiy qonunimizda Vatanimizning mustaqilligi, hududiy yaxlitligi, O‘zbekistonda yashayotgan barcha fuqarolarning huquq va erkinliklari, davlat, jamiyat oldidagi burch va mas’uliyati belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, o‘quvchilarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi, bilim va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi, sog‘lom o‘sishi va yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishishida Konstitutsiyamizda belgilangan qoidalar muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, huquqiy demokratik davlat, adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida erishayotgan barcha yutuqlarimiz hamda xalqimiz turmush farovonligi ortib borayotganligi zamirida Bosh Qomusimizda belgilab berilgan qoida va haq-huquqlarning o‘rni beqiyosdir.
Bahromjon Rahmonaliyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati