Havaskor xalq va qo‘g‘irchoq teatrlari tanlovi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumanida 27 mart kuni Xalqaro teatr kuni munosabati bilan havaskor xalq teatrlari va qo‘g‘irchoq teatrlarining ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mamlakatimizda madaniyat va san’at taraqqiy etmasa, jamiyat rivojlanmaydi. Xalqimizning rivojlanish darajasi, avvalo, milliy madaniyatimizga qarab baholanadi. Shu jumladan, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda teatrning o‘rni beqiyos. Teatrlarni bejizga tarix, ma’naviyat va san’at xazinasi deb ta’riflashmaydi.


Ko‘rik-tanlovda shahar va tuman madaniyat bo‘limlaridan 13 ta havaskor teatri hamda 6 ta qo‘g‘irchoq teatri jamoalari ishtirok etdi. Ishtirokchilar jahon dramaturgiyasi asarlari, o‘zbek va qaroqalpoq epos-dostonlari va ertaklari, qardosh xalqlar asarlari, bugungi kun talabiga mos tomoshalar hamda pantomimalar, shuningdek, mahalliy dramaturglarning asarlari asosida sahnalashtirilgan spektakllari bilan sahna hunarlarini namoyish etdi. Hakamlar hay’ati jamoalarning ijrochilik mahorati, aktyorlarning sahna nutqi va madaniyati, dekoratsiyasi hamda bezaklarini e’tiborga olishdi.
Ko‘rik-tanlov yakuni bo‘yicha havaskor xalq teatrlari o‘rtasida Xo‘jayli tumani Madaniyat bo‘limining Olimjon Xalimov nomidagi xalq teatri birinchi, Kegeyli tumani Madaniyat bo‘limining xalq teatri ikkinchi, Qo‘ng‘irot tumani Madaniyat bo‘limining Abdiraman Utepov nomidagi xalq teatri uchinchi o‘rinni egalladi. Qo‘g‘irchoq teatrlari o‘rtasida Nukus shahar Madaniyat bo‘limining bolalar qo‘g‘irchoq teatri “Eng yaxshi ijro mahorati uchun”, To‘rtko‘l tumani Madaniyat bo‘limining “Bolajon” bolalar qo‘g‘irchoq teatri “Eng chaqqon ijrochiligi uchun”, Qorao‘zak tumani Madaniyat bo‘limining bolalar qo‘g‘irchoq teatri “Eng quvnoq ijrochiligi uchun” nominatsiyalari g‘olibi deb topildi.

G‘olib jamoalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining diplom hamda qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA