Harbiylarning rafiqalari o‘zaro bahslashdi
Mudofaa vazirligining Surxondaryo viloyatidagi harbiy garnizon va harbiy qismlarida qadimiy bahor ayyomi – Navro‘z bayramiga bag‘ishlab “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” shiori ostida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilmoqda.
Termiz garnizonidagi harbiy qismlardan birida tashkil etilgan “Mohir qo‘llar” hamda “Pazanda beka” ko‘rik-tanlovlari ham ko‘p ming yillik tarixga ega milliy qadriyat va an’analarimizni keng namoyon etgani bilan tadbir ishtirokchilarining olqishiga sazovor bo‘ldi.
Harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlab, harbiy oilalar o‘rtasida hunarmandlik va milliy qadriyatlarni keng targ‘ib etishga yo‘naltirilgan tanlovda tinchligimiz posbonlarining uy bekalari o‘zaro bahslashdi.
[gallery-16418]
Uy bekalari pazandalik mahorati va kasb-hunarlarini yuksak mahorat bilan namoyish etdi.
Ko‘rik-tanlov yakunida “Pazanda beka” yo‘nalishida faxrli birinchi o‘rin kichik serjant Abdurazzoq Azizovning turmush o‘rtog‘i Jahona Rashidovaga nasib etdi. “Mohir qo‘llar” tanlovida kichik serjant O‘ktam Ro‘ziyevning turmush o‘rtog‘i Sarvinoz Shuhratova g‘olib bo‘ldi.
Navro‘zning azaliy qadriyat va an’analari aks etgan tanlov g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri