Harbiylarning murojaatlari tinglandi
Shirin shahridagi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun ommaviy sayyor qabul o‘tkazildi. Guliston harbiy prokuraturasi rahbarligida tashkil etilgan tadbirda murojaatlarni joyida ko‘rib chiqish, mavjud muammolarni o‘rganish va ularning qonuniy yechimini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Qabulda Guliston harbiy prokurori Farruh Jumayev, Shirin shahar hokimi o‘rinbosari Farruh Alimov, Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Xurshid Sadirov, qo‘shilma komandiri Adhamjon Shohakimov hamda tegishli tashkilot va idoralar vakillari ishtirok etishdi.


Tadbir davomida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarining murojaatlari tinglanib, ko‘tarilgan masalalarni hal etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Murojaatlarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish va ularning ijrosini nazorat qilish vazifalari belgilab olindi.


Shuningdek, harbiy qism yettiligi faoliyati muhokama qilinib, harbiy xizmatchilar va ularning oilalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri