Harbiy xizmatchilarning fidokorona xizmatlari e’tirof etildi
Mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Vatan tinchligi va xalq osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida fidokorona xizmat qilib kelayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar munosib e’tirof etildi.
Shu munosabat bilan Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev, Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi rahbariyati, Milliy gvardiya Ixtisoslashtirilgan o‘quv markazi mas’ullari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi vakillari hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Tantanali marosimda so‘zga chiqqan Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Mavlonberdiyev yig‘ilganlarni mamlakatimiz davlat mustaqilligining qutlug‘ 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasida harbiy xizmatchilar zimmasiga yuksak mas’uliyat yuklangan. Ularning kechayu kunduz sergaklik bilan olib borayotgan sharafli va mas’uliyatli xizmati mamlakatimiz tinchligi hamda xalqimiz farovonligining mustahkam kafolatlaridan biri ekani alohida qayd etildi.


Shuningdek, mamlakatimizda harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, munosib xizmat va turmush sharoitlarini yaratish, oila a’zolariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda jamiyatdagi obro‘-e’tiborini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Marosimning eng quvonchli va hayajonli lahzalarida “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” ko‘krak nishonlari bilan munosib taqdirlangan harbiy xizmatchilarga bu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, sohadagi namunali va fidokorona xizmatlari uchun 3 nafar xodimga 3-darajali ko‘krak nishoni berildi.


Mukofot sohiblariga ko‘rsatilgan bunday yuksak e’tibor ularning Vatan oldidagi sadoqatli, fidokorona va namunali xizmatlariga berilgan munosib baho bo‘ldi. Shu bilan birga, mazkur e’tirof harbiy xizmatchilar uchun kelgusidagi faoliyatlarida yanada katta kuch-g‘ayrat va mas’uliyat bilan xizmat qilishga muhim rag‘bat bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
O‘z navbatida, davlat mukofoti sohiblari o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi va yurtimiz xavfsizligini ta’minlash yo‘lida bor bilim, tajriba va salohiyatlarini safarbar etishlarini ta’kidladilar.


Tadbir davomida harbiy xizmatchilarning Vatan himoyasi yo‘lidagi sharafli mehnati, yuksak vatanparvarligi va kasbiga bo‘lgan sadoqati yana bir bor e’tirof etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri