Harbiy tibbiyot sohasida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida hamkorlik
Bugungi kunda harbiy xizmatchilar salomatligini muhofaza qilish va ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish har bir davlatning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida harbiy tibbiyot sohasini rivojlantirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro tajribani o‘rganishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalida yo‘lga qo‘yilgan xalqaro hamkorlik loyihalari shifokorlar malakasini oshirish, tibbiy xizmat sifatini yanada takomillashtirish hamda ilg‘or tibbiy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Sohada malakali kadrlar tayyorlash, shifokorlarning kasbiy salohiyatini oshirishda xalqaro tajriba almashuvi alohida ahamiyatga ega. Hozirda rivojlangan davlatlarda tibbiyot sohasida qo‘llanilayotgan zamonaviy usullar, innovatsion texnologiyalar va ilg‘or amaliyotlar shifokorlar malakasini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Ayni paytda Markaziy harbiy klinik gospitalda xalqaro hamkorlikning yana bir muhim bosqichi amalga oshirilmoqda. Hindistonlik harbiy shifokorlar bir oylik malaka almashish dasturi doirasida gospitalga tashrif buyurgan. Ushbu tashrif doirasida ikki davlat mutaxassislari o‘rtasida amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekistonlik va hindistonlik shifokorlar birgalikda murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarish, tashxis qo‘yish va davolash jarayonlarini tashkil etishda o‘zaro tajriba almashmoqda.
Ayniqsa, yuqori aniqlikni talab qiladigan operatsiyalar, zamonaviy jarrohlik usullari, reabilitatsiya jarayonlarini tashkil etish kabi masalalarda mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro fikr va tajriba almashinuvi olib borilmoqda. Bu esa har ikki mamlakat tibbiyot mutaxassislari uchun muhim amaliy maktab vazifasini o‘tamoqda.

Umuman olganda, Markaziy harbiy klinik gospitalda amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlik loyihalari harbiy tibbiyot tizimini rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xususan, hindistonlik harbiy shifokorlar bilan olib borilayotgan malaka almashish dasturi mutaxassislar o‘rtasida tajriba va bilim almashinuvini kengaytirib, zamonaviy tibbiy usullarni amaliyotga joriy etish imkonini bermoqda. Bunday hamkorlik kelgusida ham harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolariga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA