Harbiy qismda uch avlod uchrashuvi
Andijon shahridagi harbiy qismda “Vatan himoyasi – muqaddas burch” deb nomlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Harbiy qism, Ichki ishlar vazirligi Qorovul qo‘shinlarining Andijon shahridagi harbiy qismi, viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi harbiy faxriylar kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda keksa avlod vakillari - faxriy harbiylar, harbiy qismda xizmat vazifasini o‘tayotgan askar va zobitlar, umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirok etdi.
– Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, yoshlar qalbida Vatanga muhabbati, milliy armiyamizga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlash, shuningdek, ularning harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishlarini oshirishga qaratilgan, – deydi harbiy qism komandirining o‘rinbosari, mayor Farrux Sanayev.

– Qolayersa, faxriy hamda xizmat vazifasini o‘tayotgan harbiylar bilan bevosita muloqot orqali, Vatan himoyasi muqaddas va sharafli burch ekanligini yoshlarga chuqurroq anglatishdan iborat.
Tadbir ishtirokchilari dastlab harbiy qism, harbiylarning xizmat va yashash sharoitlari, o‘quv-mashg‘ulot xonalari bilan tanishdi. Ayniqsa, o‘quvchi yoshlar va harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi muloqot juda qiziqarli kechdi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi harbiy faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi podpolkovnik Mutalibjon Xoliqov, afg‘on urushi qatnashchilari Rahimjon Qosimov, Ibrohimjon Isroilov o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashib, Vatan himoyasi, uning tinchiligi va sarhadlari dahlsizligini saqlash har bir insonning, ayniqsa, er yigitning muqaddas burchi ekanligi haqida gapirdi.

Uch avlod vakillari ishtirokida o‘tkazilgan mazkur tadbir yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
– Katta bo‘lganimda egnimga harbiy libos kiyib, Vatan himoyachisi bo‘lishni orzu qilaman, - deydi Asaka tumanidagi 25- sonli ayrim fanlar chuqurlashtirib o‘qitiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internat o‘quvchisi Ro‘zimuhammad Xabibullayev. – bugungi tadbir qalbimdagi ana shu orzularni yanada mustahkamladi. Harbiylar hayoti bilan bevosita tanishib, ular bilan suhbatlashib, ayniqsa, faxriylarning xotiralarini tinglab, harbiy bo‘lishga qiziqishim yuz chandon ortdi. Faqat a’lo baholarga o‘qib, sport bilan shug‘ullanib, kelajakda Vatan himoyachisi bo‘lish uchun astoydil harakat qilaman.
Vatan himoyachilari kuni oldidan harbiy qismda bu kabi tadbirlar deyarli har kuni bo‘lib o‘tmoqda.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA