Harbiy psixologlar tajriba oshirdi
Harbiy psixologlar va sotsiologlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilganini Qurolli Kuchlarimizni yanada takomillashtirish maqsadida olib borilayotgan islohotlarning samarasi sifatida qayd etish o‘rinlidir.
Harbiy psixologlar va sotsiologlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilganini Qurolli Kuchlarimizni yanada takomillashtirish maqsadida olib borilayotgan islohotlarning samarasi sifatida qayd etish o‘rinlidir. O‘z navbatida Mudofaa vazirligi yangi tashkillashtirilgan bu sohada harbiy qismlar mas’ul ofitserlarining ko‘nikma hamda professional tajribasini oshirish maqsadida qator amaliy izlanishlarni olib bormoqda.
Shu munosabat bilan Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi harbiy qismda o‘tkazilgan psixolog va sotsiologlarning o‘quv-amaliy yig‘ilishi fikrimizning isbotidir. Uch kun davom etgan mazkur o‘quv-amaliy yig‘ilish davomida respublikamizning barcha harbiy qismlaridan tashrif buyurgan mas’ul ofitserlar, shu sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etishdi.
Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti O‘zAga ma’lum qildi.
O‘quv mashg‘ulotlari Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi hamda ijtimoiy-psixologik bo‘limining yetakchi ofitserlari, oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari tomonidan olib borildi.
Mudofaa vazirligi tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Hasan Xalilov hamda ijtimoiy-psixologik tadqiqotlar bo‘limi rahbari podpolkovnik Sherzod Ravshanov mazkur sohada erishilayotgan yutuqlar bilan bir qatorda mavjud muammolarni bartaraf etish dasturlari bo‘yicha yig‘ilganlarga nazariy ma’ruzalar qilishdi.
Harbiy psixologiya va sotsiologiya sohasida faoliyat boshlagan yosh kadrlar yig‘in davomida jismoniy tayyorgarlik borasida sinov mashg‘ulotlarida qatnashishdi. Shuningdek, harbiy qismda qorovullikka tayinlangan askarlar bilan psixologik yo‘riqnomalar berish bo‘yicha ko‘rgazmali mashq namoyish etildi.
Qurolli Kuchlar akademiyasi innovatsion faoliyat va ilmiy ishlarni tashkillashtirish bo‘limi boshlig‘i polkovnik Marat Artikov urush jarayonida armiya psixologiyasining tutgan o‘rni qanchalik muhimligi to‘g‘risida chiqish qildi. Polkovnik o‘z dasturida bo‘lib o‘tgan urushlar davomida armiya psixologiyasi haqidagi videolavhalardan foydalandi va mazkur jarayonni o‘rganayotgan harbiy xizmatchilar qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Shundan keyin podpolkovnik Sherzod Ravshanov insonning xulqi, xatti-harakati hamda suhbati orqali odamlarning psixologiyasi, ya’ni maqsadini aniqlash bo‘yicha trening mashg‘ulotlarini olib bordi.
– Biz uch kunlik o‘quv-amaliy yig‘in davomida o‘zimizga kerakli bo‘lgan muhim bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldik, – dedi kapitan Shahodat Yo‘ldosheva. – Tajribali mutaxassislardan olingan bilimlarimizni o‘z harbiy qismimizda professional faoliyatimiz davomida qo‘llab, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini oshirish, takomillashtirish yo‘lida olib borilayotgan muhim ishda munosib hissa qo‘shamiz.