Har oni oʻtmishning yuz yiliga teng...
“Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!”
Tabiatda odatdagi fasllar almashinuvi. Yurtimizga yana sokin kuz kirib kelmoqda. Tabiatdagi bu holatni havoning biroz salqinlashgani, dala va bogʻlardagi pishiqchilik, bozorlardagi toʻkinchilik, xullas, atrofimizdagi juda-juda koʻp oʻzgarishlar sezdirib, eslatib turibdi.
Har yilgidek, shu oltin fasl kirib kelishi bilan Vatanimizning eng aziz, eng ulugʻ bayrami Mustaqillik kunini keng nishonlaymiz. Bu yil mustaqillikning 29 yilligi “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori bilan bayram qilinayotir.
29 yildan buyon aynan shunday. Mustaqillik bayramini har safar yangi shior ostida oʻtkazamiz.
Bu bayramni ham kutishga, uni har yili yangi shiorlar bilan nishonlashga odatdagi fasl almashishidek koʻnikib qolganmiz. Bu jarayon faqat sanalar ketma-ketligidek tabiat va jamiyatning taraqqiyot qonunlariga muvofiq davom etayotir, davom etaveradi.
Aslida biz koʻrib, sezib, his qilayotgan oʻzgarishlar oddiy fasllar, sanalar almashuvining oʻzidangina iborat jarayon emas. Bu doimiylik asnosida zamindagi hayot shaklini ham, mohiyatini ham, tiriklikning taqdirini ham butunlay oʻzgartirayotgan jarayon kechayotir. Kurtakdan gul, guldan meva-yu urugʻ paydo boʻlmoqda. Minglab urugʻdan yana minglab ziroatlar unayotir...
Aynan tabiatga uygʻun jarayonlar jamiyatda, siz-u bizning hayotimizda ham kechayotir. Mustaqillik yillarini belgilovchi sanalar oddiygina raqamlarning oʻzi emas. Biroz chuqurroq mulohaza qilsak, “Bir yil oʻtdi” degan birgina kalimaning oʻzida olamjahon oʻzgarishlar koʻz oldimizdan oʻtadi.
Shu nuqtayi nazardan har yili yangilanadigan, oʻtgan yigirma toʻqqiz yil davomida shuncha marta yangilangan shiorlar ham oddiy chaqiriqlarning almashuvigina emas. “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!” shiorida ham jamiyatimizdagi oʻzgarishlarga xos, odamlar ruhiyatiga monand maʼno mujassam.
Xalqimizning alloma shoiri Gʻafur Gʻulom yozganidek:
Bebaho damlarning tirik joni biz,
Har oni oʻtmishning yuz yiliga teng.
Oʻzbekning barhayot avlodlarimiz,
Har nafas mazmuni fazolardan keng.
“Har oni oʻtmishning yuz yiliga teng” bu badiiy ifodaning amaldagi manzarasini men har kuni ishga borishda oʻzimning ona shahrim Jizzaxdagi oʻzgarishlarda koʻraman. Temir yoʻl vokzali bilan mashhur “Koʻk bozor” oraligʻidagi Ulugʻbek mahallasida besh qavatli uylardan iborat yangi turar joy massivi shu yilning oʻzida paydo boʻldi. Ayni paytda 750 ta xonadondan iborat 14 ta koʻp qavatli zamonaviy uy foydalanishga topshirilish arafasida.
Turar joylar oʻzgarishi bilan hududning infratizimi, koʻchalar, madaniy-maishiy xizmat tarmoqlari, ijtimoiy inshootlari ham, jumladan, maktab ham yangilanayotir. Oʻtgan asr boshida – 1910-yilda, qoʻshimcha binolari 1977-1978-yillarida qurilgan hududdagi tarixiy temiryoʻlchilar maktabi yangi binosi qad rostlamoqda.
Bunday oʻzgarishlar faqat shu yerda emas shaharning barcha qismida yuz berdi. Ularning hammasini, hatto, keyingi uch yilning oʻzida amalga oshirilgan oʻzgarishlarning barchasini sanab chiqish uchun ancha vaqt kerak. Ular orasida faqat keyingi yillar emas, butun hudud tarixida birinchi marta amalga oshirilgan ishlar ham bor.
Masalan, Jizzax shahri tarixida birinchi marta 16 qavatli uylar qurilayotir. Ayni paytda shaharning Olmazor mahallasi hududida eksperiment tariqasida barcha qulayliklarga ega boʻlgan shunday uylar qurilishi boshlandi.
Shu paytgacha shahardagi eng baland bino oʻn qavatli edi. Endi viloyat markazi faqat eniga emas, boʻyiga kengaymoqda. Olmazordagi oʻn olti qavatli turar joy binolari bunyod etilishi bu katta ishning boshlanishi xolos.
– Tarixiy oʻzgarishlar bizning koʻz oʻngimizda roʻy berayotir, – deydi shaharning Navoiy mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Abdulla ota Qarshiboyev. – Men sakson olti yillik umrim davomida yurtimizda amalga oshirilgan oʻzgarishlarga faqat guvoh emas, ishtirokchi ham boʻldim. Hayotda yangi oʻzgarishlar har doim boʻlgan. Ammo keyingi uch-toʻrt yildagidek taraqqiyotning tezligini, davrning shitobini koʻrgan emasman. Buni Jizzax misolida, soddaroq qilib aytsam, bugun men boshqa shaharda yashayotgandekman. Keyingi ikki-uch yilda u boshqa shaharga aylandi. Bu albatta, davlatimiz siyosatining yangilangani, Prezidentimiz tomonidan qilinayotgan oʻzgarishlar tufayli.
Bu oʻzgarishlar faqat Jizzax shahridagi qurilish bilangina bogʻliq emas, albatta. Prezidentimiz 2019-yilning 30-31-yanvar kunlari Jizzax viloyatiga tashrifi chogʻida hududni iqtisodiy, ijtimoiy rivojlantirish, shahar va tumanlarda keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish boʻyicha belgilab bergan vazifalar asosida barcha sohalarda katta oʻzgarishlar yuz berdi.
Respublika hukumatining “Ilgʻor hudud” sinov loyihasi asosida aholi daromadlarini oshirish, turmush sharoitini yaxshilash, qulay investitsiya muhiti yaratish va yangi sanoat tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha koʻplab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ushbu loyiha doirasida viloyatning barcha tumanlari markazlari qayta qurilayotir. Endilikda katta shaharlardagi kabi zamonaviy inshootlarni faqat “Obod qishloq” dasturi doirasida qaytadan qurilgan Mirzachoʻl tumani markazi Gagarin shahrida emas, istisnosiz, barcha tuman markazlari qiyofasida koʻrish mumkin.
Bu yangilanish faqat qurilish, obodonlashtirish sohasida emas. Asosiy katta oʻzgarishlar iqtisodiyotda, sanoatni rivojlantirishda yuz berayotir.
Oʻtgan yili “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi Sharof Rashidov, Zomin, Paxtakor va Arnasoy tumanlarining sanoat uchun qulay, zarur infrastrukturaga ega boʻlgan yerlari hisobidan 182 gektarga kengaytirilishi tadbirkorlikni rivojlantirishda yangi imkoniyatlar yaratdi.
Ayni paytda viloyatda 10 ta kichik sanoat zonalari tashkil qilingan boʻlib, ularning hududida 170,4 milliard soʻmlikdan ortiq qiymatdagi mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan 35 ta kichik korxona faoliyat yuritayotir.
Masalan, tashkil topgandan buyon birorta sanoat korxonasiga ega boʻlmagan Zafarobod tumani qurilish ashyolari ishlab chiqaruvchi hududga aylanmoqda. Bunda ikki yil avval Zafaroboddan qurilish ashyolari eksport qilinishiga birov ishonmasdi. Bugun bu haqiqat.
Yaqinda tumanda yirik sement zavodi “Huaxin Cement Jizzakh” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qoʻshma korxonaning birinchi bosqichi ishga tushirildi. Korxona yiliga 1,2 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega. Umumiy loyiha qiymati 150 million dollar boʻlgan korxona toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya hisobiga bunyod etilgan. Pandemiya sharoitida qiyinchiliklarga qaramay ishga tushirilgan korxonada 300 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi.
Keyingi yillardagi oʻzgarishlar viloyatning asosiy sohasi boʻlgan qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan ishlarda yana-da yaqqolroq koʻrinib turibdi. Oʻtgan yilning oʻzida meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 4 ta tumanda 4 ta agroklaster va 7 ta kooperatsiya tashkil etildi. Bularga 695 ta fermer, dehqon xoʻjaligi, 8 ming 120 gektar ochiq maydonlar, 4 ming 516 gektar bogʻ, 1 ming 30 gektar tokzor biriktirib berildi.
Viloyatda past rentabelli, iqtisodiy samara bermaydigan paxta va gʻalla maydonlari qisqartirilib, eksportbop ekin turlarini joylashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. 2019-yilning oʻzida past rentabelli 6 ming 300 gektar paxta va gʻalla maydonlari qisqartirilib, ushbu maydonlarning 150 gektariga sabzavot, 100 gektariga kartoshka, 467 gektariga poliz, boshqa eksportbop va ozuqabop ekinlar joylashtirildi. 667 gektardan ziyod maydonda intensiv bogʻ hamda yangi tokzorlar barpo etildi.
– Qishloq xoʻjaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar dehqonning hayotini tubdan oʻzgartirmoqda, – deydi tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi, Oʻzbekiston qahramoni Anorboy Eshmatov. – Faqat reja asosida gʻalla va paxta yetishtirish emas, daromad keltiradigan tarmoq bilan shugʻullanish imkoniyati berilishi fermerlarning yerga munosabatini oʻzgartirmoqda. Qishloq xoʻjaligi sohasi ham, odamlarning dunyoqarashi ham yangilanayotir. Ertangi kunga ishonch mustahkamlanmoqda.
Ha, eng katta oʻzgarish – odamlarning qalbida bugun amalga oshirilayotgan ishlarga, ertangi kunga ishonchning ortayotgani. Shu nuqtayi nazardan Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori bilan bayram qilinishi faqat moddiy oʻzgarishlarning emas, koʻngillarda yuz berayotgan ruhiy yangilanishning ham ifodasidir.