Har kuni tashlaymiz, ammo bilmaymiz: chiqindilar qayerga ketadi?
Chiqindilarning duch kelgan joyga tashlanishi, ularning atrof-muhitga zarari doimiy muammoimiz.
Har kuni uyimizdan chiqargan chiqindilarni konteynerga tashlaymiz. Ammo ularning keyingi manzili qayer ekani, qanday qayta ishlanishi yoki xavfsiz saqlanishi haqida ko‘pchilik o‘ylab ham ko‘rmaydi. Aslida esa har bir chiqindining ortida atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan katta tizim ishlaydi. Chunki qonunchilikka ko‘ra, chiqindilarni saqlash sanitariya normalari va qoidalariga, ekologik xavfsizlik talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Xo‘sh, uyimizdan chiqqan chiqindilarning so‘nggi manzili qayer?
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili 15 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Bu ulkan hajmdagi chiqindilar maxsus texnika vositalari orqali yig‘ilib, hududlardagi chiqindi poligonlariga olib boriladi.
Bugungi kunda respublika bo‘ylab 200 ga yaqin chiqindi yig‘ish poligoni faoliyat yuritmoqda. Ekologik xavfsizlikni ta’minlash maqsadida esa hozirgacha 47 ta maishiy chiqindi poligoni butunlay tugatildi. Shuningdek, mamlakat miqyosida 50 ga yaqin eski va to‘lgan poligon yopilib, ularda rekultivatsiya ishlari amalga oshirildi.
Poytaxtda ham chiqindilarni boshqarish tizimi izchil takomillashtirilmoqda. Ayni paytda Toshkent shahrida 3 ta qayta yuklash punkti faoliyat yuritadi. Mavsumga qarab, har kuni shaharning o‘zida 1500 tonnadan 2500 tonnagacha maishiy chiqindi maxsus germetik texnikalarda zichlangan holda poligonlarga yetkazib beriladi.
E’tiborlisi, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida barpo etilgan yangi avlod poligoni an’anaviy chiqindixonalardan tubdan farq qiladi. 24 gektar maydonni egallagan mazkur majmua maxsus germetik qoplamalar bilan jihozlangan bo‘lib, chiqindilardan ajraladigan zararli moddalarning yer osti suvlariga singib ketishining oldi olinadi. Bu esa atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatda chiqindilarni boshqarish sohasini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Rejaga ko‘ra, 2030-yilga qadar respublikadagi chiqindi poligonlari sonini yana 50 foizga qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Chiqindini to‘g‘ri boshqarish, saralash, belgilangan joyga tashlash va qayta ishlash madaniyatini shakllantirish har bir fuqaroning ekologik mas’uliyatidir. Zero, bugun konteynerga tashlangan bir dona chiqindi ertangi atrof-muhit va kelajak avlodlar salomatligiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA