Har kim bilim olish huquqiga ega
8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
Mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida yosh avlodning huquqiy bilim va savodxonligini yuksaltirish, huquqiy ta’limni yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, Konstitutsiyamizning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini, ma’no-mazmunini o‘rganish, yosh avlodning huquqiy ongi, tafakkuri va madaniyatini to‘g‘ri shakllantirish hamda yuksaltirish, shuningdek, Konstitutsiyani bilish, uning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish borasida samarali ishlar olib borilmoqda.

bugungi kunda Asosiy Qonunimizda belgilangan tushuncha va tamoyillarni mamlakatimizdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘rgatish keng yo‘lga qo‘yilmoqda.
Buni Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi 398-maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin. Ushbu muassasaning katta va maktabga tayyorlov guruhlarida “Konstitutsiya saboqlari” mashg‘uloti qiziqarli va ta’sirchan vositalar yordamida tashkil etilmoqda. Har yili “8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni” bayrami oldidan muassasada “Konstitutsiya – huquq va erkinligimiz kafolati” shiori ostida huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi an’anaga aylangan.
...Bog‘chaning bolalar qiyqirig‘iga, shodon kulgusi-yu zavqli taassurotlarga boy odatdagi kuni. Katta va kichik guruhdagi kichkontoylarni ota onalalari tarbiyachilarga topshirgach, barcha o‘z guruhlariga yo‘l oladi. Nonushtadan so‘ng katta va maktabga tayyorlov guruhi tarbiyachisi Irina Xodulova bolalarga sodda, ularning yoshi va dunyoqarashiga mos vositalar – turli suratlar, buklet va plakatlar yordamida O‘zbekiston Konstitutsiyasi, mamlakatimiz mustaqilligi, davlat ramzlari, tili, pul birligi, shu yurtda yashayotgan har bir kishining huquq va erkinliklari haqida tushunarli tilda hikoya qiladi. Keyin savol beradi:
– Qani, kim aytadi: mamlakatimizda yaqinda qanday bayram nishonlanadi?
Bolalar hammasi jajji qo‘lchalarini ko‘taradi:
– Men aytaman! Men bilaman!..
– Sadia, sen aytchi.
Sadia Ahmadxo‘jayeva quvonib ketadi va dono-dona qilib javob beradi:
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni.
– Konstitutsiyamiz qachon qabul qilingan?
– 1992 yil 8 dekabr kuni.
– Balli! Qani, endi kim aytadi: O‘zbekiston Respublikasi qanday davlat ramzlariga ega?
Bolalar yana chug‘urlashib qo‘l ko‘taradi:
– Muhammad Ali! – deb ishora qiladi tarbiyachi.
– O‘zbekiston Respublikasi o‘z Bayrog‘i, Gerbi va Madhiyasiga ega.
– To‘g‘ri! – deb quvontiradi I.Xodulova bolakayni...
Farzandlarimizni go‘dakligidan o‘z haq-huquqlarini bilishga, davlat va jamiyat oldidagi burch va mas’uliyatini teran his etishga o‘rgatish tarbiyachi va murabbiylarning eng muhim vazifalaridan. Shu bois mazkur muassasada “Konstitutsiya saboqlari” mashg‘ulotlari kichkintoylarga huquqiy davlat haqidagi ilk tushunchalarni, o‘z huquq va burchlarini anglatishda, ularni Vatanga sadoqat, istiqlol g‘oyalariga muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. Zero, bugun o‘z haq-huquqini teran anglagan va burchiga sadoqatli, mustaqil fikrlaydigan, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega avlodgina ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchiga aylanadi.

Darhaqiqat, asosiy qonunimiz yurtimizning har bir fuqarosi uchun nafaqat huquq va erkinliklari kafolati, ayni paytda davlat va jamiyat oldidagi burchlarini ham belgilab bergan. Ayniqsa, bolalarni kichik yoshdanoq bilim olishga, qiziqishiga qarab kasb-hunar egallashga, malakali mutaxassis bo‘lib voyaga yetishga jalb qilishda Konstitutsiya asosiy hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda.
398-maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan bolalar har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Bog‘chada xorijiy tillar, badiiy gimnastika, raqs, taekvondo to‘garaklari tashkil etilgan, musiqa saboqlari va jismoniy tarbiya mashqlari, bolalarning yoshiga mos o‘yin va mashg‘ulotlar o‘tkazilishi ularning jismonan sog‘lom, ruhan tetik, aqlan ziyrak ulg‘ayishiga, turli ko‘rik-tanlovlar, konsert dasturlari esa ulardagi iste’dod va qobiliyatni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Javohir TOSHXO‘JAEV,
O‘zA