Har bir oilaning o‘z baxt siri bor
Har bir kishi oila atalmish muqaddas go‘shaga qadam qo‘yar ekan, turmush o‘rtog‘i bilan bir umr baxtli hayot kechirishni, solih va soliha farzandlarni ulg‘aytirib, ularning kamolini ko‘rishni, hayot so‘qmoqlarida jufti bilan birga qadam tashlashni istaydi. Oila aloqalari uzoq muddat davomida katta tajribalar asosida qaror topadi. Turmush davomida har ikki tomon ham o‘z vazifasini mas’uliyat bilan ado etsagina, oiladagi tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodatning asosini ta’minlagan bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 76-moddasiga ko‘ra, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir. Nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda oilalar soni 9 679395 ta bo‘lib, shundan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh oilalar soni 3 171513 tani tashkil etadi.
Aslida har bir oilaning o‘z baxt sirlari bor. Ammo afsuski, so‘nggi paytlarda oilalar o‘rtasida ajrimlar sonining ortib borayotganligi keng jamoatchilikni jiddiy tashvishga solmoqda. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil yanvar-oktyabr oyi yakuniga ko‘ra, yangi rasmiylashtirilgan nikohlar soni 202 ming 568 tadan iborat bo‘lgan. Shu vaqt davomida 41 ming 583 ta oilaviy ajrim qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan 2022 yilning shu davrida 40 ming 345 tani tashkil etgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 2,5foizga (+1238 ta ) ga ortgan.
Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan xalqlar va davlatlar albatta inqirozga yuz tutganligining guvohi bo‘lamiz. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Ijtimoiy hayotdagi eng dolzarb muammolardan biri bu oilalardagi ajrimlardir. Tahlillarga ko‘ra, oilaviy ajrimlar ko‘rsatkichlari o‘tgan yilgiga nisbatan Qorqalpog‘iston Respublikasi(-59), Samarqand (-285), Qashqadaryo (-68), Buxoro (-95), Toshkent (-198), Sirdaryo viloyatlarida (-134) kamayganligi aniqlangan bo‘lsa, eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichlari Farg‘ona viloyatida 10,2 foizga yoki 456 taga (4 901), Andijon viloyatida 14,9 foizga yoki 612 taga (4 695), Xorazm viloyatida 7,4 foizga yoki 330 taga (2 030), Toshkent shahrida 5,2 foizga, yoki 255 taga (5 130) ortganligi aniqlangan.
Nikohdan ajralish sabablari o‘rganilib, tahlil etilganda 16,0 foiz (6 ming 689ta) holatda nikohlanuvchilarning oilaga tayyor emasligi, 12,3 foiz (5 ming 124 ta) holatda farzandsizlik, 15,0 foiz (6 ming 262 ta) holatda 3-shaxs aralashuvi, 12,2 foiz (5 ming 80 ta) holatda uzoq vaqt bir oila bo‘lib yashamaganlik, 5,9 foiz (2 ming 474ta) moliyaviy va moddiy qiyinchiliklar hamda 2,7 foiz (1135ta) holatda xiyonat sabab bo‘lganligi ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, aksariyat oilalar 2,6 foiz (1 ming 98ta) spirtli ichimlik va giyohvand moddalar iste’moli, 1,5 foiz (634 ta) tazyiq va zo‘ravonlik, 2,1 foiz (884 ta) holatda ommaviy yoki xorijiy madaniyatning salbiy ta’siri va boshqa sabablar tufayli barbod bo‘lgan. Oilalardagi ajrimlar oqibatida 30 mingdan ko‘proq bola bugungi kunda tirik yetimga aylangan.
Millatning umumiy baxti, saodatli ertasi uchun bugun harakat qilish shart. Bunda avvalo oilada tug‘ilgan farzandlarning chiroyli muhitda o‘sishi, kamol topishi va ular balog‘atga yetganida oilaga tayyorlanishi muhim ahamiyat kasb etadi. Oilaviy ajrashishlarning sabablari yuzasidan o‘tkazilgan fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar muammo aksariyat hollarda ma’naviy daraja, psixologiya va tarbiyaga bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
Psixolog Shoira Isoqovaning so‘zlariga ko‘ra, yosh avlod oila qurishga tayyor emas. Shu bilan birga aksariyat qaynonalarning ham oila borasida ilmi, tajribasi yo‘q, tashqaridan kelgan bir qizga qanday munosabatda bo‘lishni bilmaydi.
Oila atalmish muqaddas qo‘rg‘onni asrash faqatgina qizlarga bog‘liq emas. Bu bevosita zabardast, aql-zakovatli, teran nigohli yigitlarning ham qo‘lidadir.
Bugungi kunda respublikada 9 ming 442 ta mahalladagi mahalla xotin-qizlar faollari, 150 mingdan ziyod Oqila ayollar harakati a’zolari, jamoatchilik vakillari hamkorlikda nizo boshlanayotgan oilalarga kirib, ularda qaynona, qaynota, kelin va kuyov bilan individual ishlar orqali oilalarni ajrimgacha yetib bormay yarashtirish choralari ko‘rilmoqda va buning natijasida 24 ming 193 nafar ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalalardan 20 ming 265 nafari yarashtirilishiga erishilgan. Barcha shahar va tumanlarda mavjud Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari faoliyati takomillashtirilgan va 10 oy davomida 67 ming 237 nafar nikohlanuvchi shaxs ushbu markazlarda o‘qitilgan. Hududlarda “Nizoli oilalar bilan ishlash individual ishlash daftari” ishlab chiqilgan bo‘lib, unda nizoli oilalarga individual yondoshish yo‘l-yo‘riqlari belgilangan va bu daftarga nizoli oilalar kiritilib, tegishlicha mutaxassislar tomonidan yakka tartibda ish olib borilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Har bir inson baxtli bo‘lishga haqli, u baxtni orzu qiladi, baxtga intiladi. Insonlar baxtli bo‘lsa, oilalar baxtli bo‘ladi. Oilalar baxtli bo‘lsa, jamiyat mustahkam bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA