Har bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida murojaatlar bilan ishlash, aholi muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha “Mahalla – sektor – xalq qabulxonasi – mahalla” prinsipi asosida hamkorlik tizimi joriy qilingan.
Tumanning I.Buxoriy MFYda tuman Xalq qabulxonasi, tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari “Keksalar maslahati” guruhi faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘quv-seminar tashkil etildi. Unda tuman Nuroniylar jamoatchilik kengashi a’zolari, MFYlardagi “Keksalar maslahati” guruhi, “Buvijonlar maktabi” a’zolari, tuman Yoshlar ishlari agentligi, tuman imom xatibi hamda tuman Ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi xodimlari qatnashdi.

Seminarda Nuroniylar jamoatchilik kengashining keksalarni qo‘llab-quvvatlash sohasiga oid qonun hujjatlarining ijrosini ta’minlashga ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, “Keksalar maslahati” guruhlarining mahallalarda aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va idoralar, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishdagi o‘rni haqida so‘z bordi.
Hududlarda “Har bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy” tamoyili asosida har bir mahalla fuqarolar yig‘inlarida nuroniylarni yoshlarga biriktirish bo‘yicha yangi tizimni joriy etish yuzasidan qilingan chora-tadbirlar to‘g‘risida fikr almashildi.
–Nogironlar va mahallalarda yashaydigan yolg‘iz keksalarga moddiy yordam ko‘rsatish va ularni manzilli ijtimoiy himoya qilish, ijtimoiy va tibbiy ta’minot xizmatining ta’sirchan mexanizmlarini yaratish va nazorat o‘rnatish muhim vazifa, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qorovulbozor tumanidagi Xalq qabulxonasi. – Murojaatlar bilan ishlash, aholi muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha “Mahalla – sektor – xalq qabulxonasi – mahalla” prinsipi asosida hamkorlik tizimi joriy qilindi.

Seminar yakunida har bir hududlardagi “Keksalar maslahati” guruhlarining faoliyati tahlil qilindi. Mavjud muammo va kamchiliklar muhokama etilib, ularni o‘z vaqtida bartaraf etish va faoliyatini yanada takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Zarif Komilov, O‘zA