Har bir murg‘ak qalb mehrga tashna
Qaror va ijro
Mamlakatimizda oilalarning baxtli yashashini ta’minlash, yosh avlodda ma’naviy-axloqiy, odob qadriyatlarini va ota-onaga, katta yoshdagi insonlarga hurmatni shakllantirish, oilaning tarbiyaviy salohiyatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda.
Biroq, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek ko‘p hollarda azaliy qadriyatlarni mensimaslik, oilada er-xotin o‘rtasida munosabatlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani oilaviy ajrimlarga sabab bo‘lmoqda. Oqibatda esa bolalarning nazoratsizligi va qarovsizligi kabi muammolar yuzaga kelishi ortmoqda.

Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari aynan shu jabhada qarovsiz bolalarning holatini o‘rganish, shaxsi va oilasidagi muhitni aniqlaydi. Shu asosida ota-onalar chaqirilib, ularga zarur tavsiyalar, xulosalar beriladi. Jumladan, bugungi kunda Toshkent viloyatida ham bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 avgustdagi “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishda muhim hujjat hisoblanadi.

Toshkent viloyati IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi rahbari, podpolkovnik Mahfuza Sirojova bu tizimda ko‘p yillardan beri ishlaydi. Uning aytishicha, profilaktika inspektori qarovsiz bolani aniqlaganidan so‘ng, tuman-shahar ichki ishlar organlari mas’ullariga xabar beradi. Bu jarayonda o‘sha hududda ishlayotgan ijtimoiy xodim ham chaqirilib, bola bilan suhbat qilinadi. U bolaning shaxsini aniqlash hamda uning o‘qishi va xulq-atvorini, oilasidagi muhitni, qarovsiz qolishiga sabab bo‘lgan omillarni o‘rganadi.

– Shunday holatlar ham bo‘ladiki, ayrim bolalar oilaviy nizolar tufayli ota-onasining telefon raqamini bermaydi. Ba’zilarida esa ruhiy kasallik alomati seziladi. Bu kabi vaziyatlarda qo‘shimcha o‘rganishlar olib boriladi. Markaz tomonidan 48 soat ichida qarovsiz bolaning shaxsi aniqlanadi. Bolaning ijtimoiy-huquqiy holatiga baho berish natijasiga ko‘ra ijobiy xulosaga kelinsa, ota-onasi yoki vasiyiga topshiriladi. Biroq, ba’zi bolalar vasiyi bilan yashashni istamaydi. Bu kabi vaziyatda tegishli tashkilotlar bilan kelishgan holda bolalarga roziligi bilan oilaviy bolalar uyi yoki yaqinlariga jo‘natiladi, – deydi Toshkent viloyati IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi rahbari, podpolkovnik Mahfuza Sirojova.
Ilgari Toshkent viloyati Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi Yangiyo‘l tumanidagi 1900 yilda qurilgan binoda joylashgan edi. Yillar o‘tib yashashga noqulayliklar bo‘lgani sabab 2022 yilda Ichki ishlar vazirligining tegishli buyrug‘i bilan poytaxtimizdagi Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga ko‘chirildi. Bu yerda tun-kun ish tashkil etilgan.

Tahlillarga ko‘ra, Toshkent viloyati bo‘yicha keltirilganlarning 79 nafari 3-6 yoshli, 349 nafari 7-13 yoshli, 1 ming 275 nafari 14-17 yoshlilardir. Ularning 901 nafari umumta’lim, 2 nafari akademik litsey, 303 nafari kasb-hunar kollej, 497 nafarini o‘qimaydigan va ishlamaydiganlar tashkil qiladi. Voyaga yetmaganlarning markazga keltirilishining asoslari o‘rganilganda 1 ming 692 nafari ota-onasining nazoratisiz, 9 nafari ota-onasining qarovsiz qolgani, 1 nafari o‘zboshimchalik bilan uyidan chiqib ketgani ma’lum bo‘ldi.
– Afsuski, o‘gay ota bilan qizi yoki o‘gay ona bilan o‘g‘li o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, zo‘ravonlik va tazyiqlar natijasida markazga bir nacha bor qayta kelganlar kuzatigan. Ular ruhiyatida katta yoshdagi insonlarning muammolari sabab, murg‘ak qalblarida tushkunlik, jamiyatga ishonchsizlik bor. Shu kabi ko‘plab o‘xshash sabablar kelgusida Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaz faoliyatiga Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasini ham jalb qilish va malakali psixologlar xizmatini joriy qilish rejalashtirilgan, – deydi M.Sirojova.

Oxirgi yillarda hududlardagi Bolalar uylarining faoliyati tugatildi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oila muhitida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratdi. Mazkur yo‘nalishga boshqacha yondashuv joriy qilinib, joylarda oilaviy, kichik hajmli bolalar uylari tashkil qilindi.
Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi ham ular bilan doimiy aloqani yo‘lga qo‘ygan. Hozirgacha Toshkent viloyati bo‘yicha 20 nafar bola shunday joylarga yuborilgan. Quvonarlisi, ularning ko‘pi yangi muhitga tez moslashgan.

Joriy yil Nurafshon shahrida barcha sharoitlarga ega Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi uchun bir gektar yer maydoni ajratildi va hozirda qurilish ishlari olib borilmoqda. Kelgusida 100 o‘rinli majmua foydalanishga topshiriladi va unda qarovsiz bolalar uchun zarur sharoitlar yaratiladi. Buning uchun Ichki ishlar vazirligi tomonidan yetarli mablag‘ ajratilib, ob’ekt loyihasi bo‘yicha ishlar qilinmoqda.
Markazda faqat 48 soat emas balki, 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan muddatda bolalar bilan ishlash rejalashtirilmoqda. Sababi ular bilan belgilangan muddatgacha tarbiyaviy o‘rganish qilinganida oilasiga munosabati o‘zgarishi mumkin. Ammo, oilasidagilarning ularga nisbatan muhiti o‘zgarmagan holatlar uchramoqda. Shunday vaziyatlarda mahallalardagi ijtimoiy xodimlar ham sharoiti og‘ir ahvoldagi oilalar bilan tegishli o‘rganishlar olib borishi, bolalar uchun har tomonlama qulay bo‘lishiga tayyorlashi kerak.
Bundan tashqari, zo‘ravonlikka uchragan, yaqinlari, vasiylari tomonidan majburiy mehnatga jalb qilish, nomusiga tegish kabi salbiy holatlarda mas’ullar bolalarni markazda olib qolish huquqiga ega bo‘lish taklifi ham ilgari surilmoqda. Bu jarayonda asosiy e’tibor ulg‘aygan sari dunyoqarashi shakllanadigan bolalarga nisbatan ularning yaqinlari fikrini to‘g‘ri o‘zgartirishga erishishdir.
A.Musayev, O‘zA.