Har bir mahallaning energetik pasporti bo‘ladi
Energetika vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, har bir mahalla bo‘yicha elektr va tabiiy gaz ta’minotiga oid asosiy ma’lumotlarni yagona tizimda jamlaydigan energetik pasport shakllantiriladi.
Unda mahalladagi iste’molchilar soni va tarkibi, energiya iste’moli hajmi, mavjud quvvat, elektr va gaz infratuzilmasining tarkibi hamda texnik holati, yangi iste’molchilarni ulash imkoniyatlari va modernizatsiyaga bo‘lgan ehtiyoj aks ettiriladi.
Mazkur ma’lumotlar asosida mahallada energiya resurslarining taqsimlanishi va iste’moli tahlil qilinadi. Shuningdek, texnik va tijoriy yo‘qotishlar yuqori bo‘lgan hududlar, iste’mol hajmidagi keskin o‘zgarishlar, hisobga olinmagan iste’mol hamda noqonuniy yoki texnik talablarga mos bo‘lmagan ulanishlarni aniqlash imkoni paydo bo‘ladi.
Energetik pasportdagi ma’lumotlar asosida tarmoqlardagi yuklama va mavjud quvvat zaxirasi tahlil qilinadi. Bu esa qaysi hududlarda quvvat yetishmasligi yoki tarmoqlarni kuchaytirish zarurligini oldindan aniqlash imkonini beradi.
Masalan, ma’lumotlar qaysi tarmoqlarda quvvat zahirasi borligini ko‘rsatadi. Elektr ta’minotida uzilish yuzaga kelgan holatda esa yuklamani mavjud imkoniyatlar doirasida boshqa tarmoqlarga o‘tkazish va iste’molchilar ta’minotini saqlab qolish choralari belgilanadi.
Shuningdek, yangi ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy ob’ektlar, tadbirkorlik va ishlab chiqarish ob’ektlari barpo etilishi natijasida yuzaga keladigan qo‘shimcha yuklama ham oldindan hisobga olinadi. Agar mavjud quvvat yetarli bo‘lmasa, qaysi tarmoq yoki transformatorni kuchaytirish, qayerda qo‘shimcha infratuzilma barpo etish zarurligi va buning uchun qancha resurs talab qilinishi aniqlanadi.
Energetik pasport faqat ma’lumotlarni jamlash vositasi bo‘lib qolmay, mahallada energiya ta’minoti holatini kompleks baholash, mavjud muammolarni aniqlash, xavflarni oldindan ko‘rish va infratuzilmani o‘z vaqtida rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim boshqaruv vositasidir.
N.Ziyodullayeva, O‘zA