Har bir bolaga mos ta’lim: yangi baholash tizimi nimani o‘zgartiradi?
Bolaning ta’lim olishi uchun faqat maktab va o‘qituvchining o‘zi yetarli emas. Ayrim bolalarga qo‘shimcha pedagogik, psixologik yoki ijtimoiy ko‘mak zarur bo‘ladi.
Eng muhimi - bunday ehtiyojni o‘z vaqtida aniqlash va bolaga mos sharoit yaratishdir. Shu ma’noda, O‘zbekistonda bolalarning alohida ta’lim ehtiyojlarini aniqlashga qaratilgan yangi kompleks baholash tizimining yo‘lga qo‘yilayotgani muhim qadam bo‘lmoqda.
Ma’lumki, Navoiy va Xorazm viloyatlaridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari huzurida Bolani kompleks baholash guruhlari o‘z faoliyatini boshladi. Yangi tizimga asosan, bolaning ta’lim imkoniyati faqat bitta mezon asosida emas, balki bir nechta omil hisobga olingan holda baholanadi. 3–18 yoshdagi bolaning rivojlanishi, muloqot qobiliyati, xulq-atvori, ta’lim olish imkoniyatlari, oilaviy va ijtimoiy muhiti kompleks o‘rganiladi.
Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, baholash jarayonida maxsus pedagog, psixolog va mahalladagi ijtimoiy xodim ishtirok etmoqda. Zarur hollarda tibbiyot mutaxassislari ham jalb etiladi. Shu bilan birga, ota-ona yoki qonuniy vakilning jarayonda ishtirok etishi ta’minlanadi. Demak, yangi tizim faqat xulosa chiqarish vositasi emas. U bolaning keyingi ta’lim yo‘nalishini belgilash, unga zarur qo‘llab-quvvatlash choralarini aniqlash va tegishli davlat ta’lim muassasasiga yo‘naltirishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim jihat — xizmatlarning oilaga yaqinlashtirilayotgani. Ilgari ota-ona bolasining ta’lim ehtiyojini aniqlash uchun turli muassasalarga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, yangi yondashuvda kompleks baholash xizmatlarini “Inson” markazlari va mahalla darajasiga yaqinlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Tizim 1-oktabrdan Navoiy va Urganch shaharlarida ish boshladi. 1-noyabrdan Karmana, Qiziltepa, Konimex, Yangibozor, Qo‘shko‘pir tumanlari va Xiva shahri qamrab olinadi. 1-dekabrdan esa ikki viloyatning qolgan tuman va shaharlarida joriy etiladi. Buning uchun Navoiy viloyatida 5 ta, Xorazm viloyatida 7 ta — jami 12 ta kompleks baholash guruhi xizmat ko‘rsatadi.
Aslida, har bir bolaning imkoniyati bir xil emas. Kimdir bilimni tezroq o‘zlashtiradi, boshqasiga ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi. Yana bir bola muloqot, xulq-atvor yoki ijtimoiy moslashuv borasida qo‘shimcha yordamga muhtoj bo‘lishi mumkin. Shu sababli ta’limda “hammaga bir xil” yondashuv har doim ham kutilgan natijani bermaydi. Yangi tizimning asosiy qiymati bolaning chekloviga emas, uning imkoniyati va ehtiyojiga qarab yondashishdan iborat.
Eng muhimi, bu jarayon qog‘ozdagi baholash bilan cheklanib qolmasligi kerak. Berilgan tavsiyalar maktabda amalda ta’minlansa, pedagoglar zarur vositalar bilan qo‘llab-quvvatlansa va ota-onalar jarayonning to‘laqonli ishtirokchisiga aylansa, kompleks baholash tizimi inklyuziv ta’limni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin. Zero, ta’limda tenglik — barcha bolaga bir xil sharoit yaratish emas. Har bir bolaga o‘z ehtiyojiga mos imkoniyat berishdir.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA