Har bir bolaga mehr, e’tibor kerak
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 iyul kuni nogironligi bo‘lgan, ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy nafaqalar berishni takomillashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
O‘zi yemay, kiymay bolasiga tutadigan, nafaqat qarindosh urug‘lari va yaqinlari, balki begonaning bolasiga ham mehr beradigan elmiz.
Ikkinchi jahon urushi yillarida boshpanasiz qolgan, oilasidan ajragan, och, yupun bolalarni “Sen yetim emassan”, deb bag‘riga olib, oq yuvib oq taragan xalq vakillarimiz.
Xalqimizning bu ezgu fazilati davlatimiz tomonidan “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikda ham o‘z aksini topmoqda. Bu g‘amxo‘rlik va e’tibor samarasi ayniqsa, keyingi besh yilda yaqqol ko‘zga tashlanayotir.
2017-2020 yillarda yurtimizdagi barcha “Muruvvat” va “Saxovat” uylarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlab, zamonaviy sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan edi.
Shu munosabat bilan 2020 yil boshida Jizzax shahridagi 29-sonli “Mehribonlik uyi”, Zomin tumanidagi “Yosh muruvvat uyi” hamda joriy yil Zarbdor tumanidagi kar va soqov bolalar hamda zaif eshituvchi bolalar maxsus maktab-internatlari zamonaviy tarzda to‘liq qayta ta’mirlandi. Bu muassasalar barcha zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlanib, foydalanishga topshirildi. Bu boradagi amaliy ishlar davom etmoqda.
Videoselektor yig‘ilishida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashning bir necha tuzilmalari yo‘lga qo‘yilgan. 13 ta Bolalar uyida 560 nafar, 16 ta Mehribonlik uyi va 4 ta Bolalar shaharchasida 1 ming 823 nafar, 86 ta maxsus maktab-internatda 21 ming nafar o‘g‘il-qiz tarbiyalanmoqda. Bundan tashqari, 79 ming nafar bola homiylik, vasiylik va oila patronaji qaramog‘iga olingan.
Endilikda Mehribonlik uylaridagi bolalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, jismonan yetuk bo‘lishlari uchun sport bilan doimiy ravishda shug‘ullanishlari yo‘lida barcha sharoitlar yaratiladi. Turizm va sport vazirligi, Milliy gvardiya bo‘yicha viloyat boshqarmalari mahalliy hokimliklar bilan birga har yili yoz va qish mavsumlarida mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari hamda vasiylik, homiylik va patronatdagi bolalar uchun Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz, Qo‘qon, Termiz kabi qadimiy shaharlarga sayohat dasturini amalga oshiradi.
Bemor bo‘lgan yetim bolalar uchun xorijda o‘tkaziladigan murakkab jarrohlik amaliyotlari byudjetdan to‘liq kompensatsiya qilinadi. Nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 1 avgustdan boshlab byudjetdan qo‘shimcha 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Bolaning begonasi bo‘lmaydi. Shunday ekan, “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilariga, ota-ona mehridan mosuvo bolalarimizga mehr ko‘rsatish, har qanday sharoitda ham imkon topib ularning holidan xabar olish, baholi qudrat yordam qo‘lini cho‘zish insoniy burchimizdir.
Erkin Xolmatov,
O’zLiDeP Jizzax viloyat kengashi raisi,
Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi
O’zLiDeP deputatlik guruhi rahbari.
O‘zA