Hamyurtimiz Marokash rallisida matonat ko‘rsatdi
Sahroi kabir qumliklarida o‘tkazilgan “Marokash rallisi–2021” poygasida dunyoning turli mamlakatlaridan 200 nafar sportchi o‘zaro raqobatlashdi.
Ushbu ralli tarixida ilk marotaba o‘zbekistonlik poygachi Anvar Ergashev ishtirok etdi.
Aytish joizki, ralli reydlar bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan hamyurtimiz joriy yilning fevral oyida jahon kubogi bosqichida ishtirok etib, faxrli 3-o‘rinni egallagandi, deyiladi Turizm va sport vazirligi xabarida.
So‘nggi kunlargacha poygachimiz Anvar Ergashevning mazkur musobaqaga borish-bormasligi ma’lum emasdi. Boisi, pandemiya tufayli Marokash vizasini olishdagi qiyinchiliklar va ushbu mamlakat elchixonasi O‘zbekistonda yo‘qligi bir qator muammolarni keltirib chiqarayotgandi. O‘zbekiston milliy avtomobil klubi jamoat birlashmasining sa’y-harakati hamda mamlakatimizning Ozarbayjondagi elchixonasi ko‘magida Marokashning Ozarbayjondagi konsulligi, Xalqaro avtomobil federatsiyasi, Marokash rallisi tashkilotchilari, "DAKAR ralli" direktori Devid Kaster bilan olib borilgan muzokaralar natijasida poygachimiz Anvar Ergashevning musobaqada ishtirok etishiga erishildi.
Ma’lumki, sahroda poyga oson kechmaydi. Qum bahranlari, aniq yo‘lning yo‘qligi, qumli tepaliklarning bir zumda toshli dovonlarga aylanishi, sahro jaziramasi har qanday sportchini toliqtirardi.
Shunday murakkab vaziyatda o‘nlab sportchilar taqdirga tan bergan holda kuzatuvchilar qatoridan joy oldi. Biroq Anvar barchasiga chidadi. Poyga jarayonida avtomobilning ruli keskin burilib, Anvarning qo‘liga jarohat yetkazgan (keyinchalik uning qo‘li singanligi ma’lum bo‘ldi) va musobaqada bir qo‘li bilan avtomobilni boshqarishga majbur bo‘lgan bo‘lsa-da, u taslim bo‘lmadi. 1 450 km masofani bosib o‘tib, T3 toifasida 6-o‘rinni egalladi.
Ta’kidlash joiz, eng murakkab maxsus qismlardan iborat "Marokash rallisi–2021" 5 kunlik poygasi puxta jismoniy va texnik tayyorgarlikni talab qiladi. Shu bois, unda ilk urinishdayoq g‘olib bo‘lish hammaga ham nasib qilavermaydi. Ko‘plar marra chizig‘iga ham yetib borisholmaydi. Shunday sharoitda poygachimizning murakkab musobaqada 6-o‘rinni egallashi O‘zbekiston avtomabil sporti tarixida ajoyib natija bo‘ldi, deyish mumkin.
Shu o‘rinda, mamlakatimiz vakilining mazkur nufuzli musobaqada munosib ishtirok etishida Rossiyaning "Maria Oparina Team" jamoasi, belaruslik tajribali mutaxassis Andrey Rudnitskiyning alohida xizmatlari bo‘lganligini e’tirof etmoq lozim, deyiladi O‘zbekiston milliy avtomobil sport klubi xabarida.
E’tiborlisi, “Marokash rallisi–2021” musobaqasi O‘zbekiston avtomobil sportchilari, xususan , poygachimiz Anvar Ergashev faoliyatida muhim ahamiyat kasb etdi. Bu, matonatli sportchimizga “DAKAR-2022” oldidan katta maktab vazifasini o‘tadi. Boshqacha aytganda, Marokash rallisi o‘zbekistonlik avtomobil sporti vakillariga jahon ralli musobaqalarining “darvozasi”ni ochib berganligi bilan tarixdan joy oldi.


T. Ro‘ziyev,
O‘zA