"Hammasi zo‘r bo‘ldi" deyishga hali erta – Sherzod Shermatov (+video)
– To‘g‘risi, men uchun bu o‘ziga xos e’tirof bo‘ldi, – deydi davlatimiz rahbarining tegishli farmoniga muvofiq mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan «Mehnat shuhrati» ordeniga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov.
– Hurmatli Prezidentimiz shuncha sharoit yaratib, barcha sohalarning rivojlanishi uchun imkoniyat beryaptilar. Albatta, buning ortidan davlat mukofotiga munosib ko‘rilib, taqdirlanganimiz xursand qiladi.
Bugun Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha hurmatli davlatimiz rahbari yuksak marralarni belgilab beryaptilar. Ana shu marralarga erishish jarayonida bizning ham ishtirokimiz borligi, albatta, o‘ziga xos motivatsiya beradi. Shunday davlat mukofotiga munosib ko‘rilib, taqdirlanishimiz esa yanada katta kuch va mas’uliyat bag‘ishlaydi.
Bugun talab juda yuqori. Maqsadlarimiz ham yuksak, chunki dunyo juda tez rivojlanyapti, o‘zgaryapti. Hozirgi quvonarli o‘zgarishlardan biri – masalan, O‘zbekistonning GovTech Maturity bo‘yicha dunyoda top-o‘ntalikka kirgani yoki startap ekotizimi rivojlanishi bo‘yicha eng tez o‘sib borayotgan davlatlar qatorida qayd etilganidir.
Lekin bu, to‘xtab qolish kerak, degani emas. Biz “hammasi yetarli, hammasi zo‘r bo‘ldi”, degan fikrdan uzoqmiz. Hali qiladigan ishlarimiz juda ko‘p.
Videosi quyida:
Abdulaziz RUSTAMOV,
Yoqubjon MELEBOEV (video),
O‘zA