Hamkorlik memorandumi imzolandi
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida vazir Nozim Husanov Tojikiston Respublikasi mehnat, migratsiya va aholi bandligi vaziri Shirin Amonzoda bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida mehnat va aholi bandligi sohasidagi 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan kelgusidagi rejalar haqida fikr almashildi.

Mamlakatimiz raxbari shu yilning iyun oyida Tojikiston Respublikasiga qilgan tashrifi chog‘ida bir qator hujjatlar imzolangan. Jumladan, ikki davlat o‘rtasida mehnat munosabatlarini tartibga solish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishilgan edi. Shu munosabat bilan bugun Tojikiston Respublikasi mehnat, migratsiya va aholi bandligi vaziri Shirin Amonzoda yurtimizga tashrif buyurdi.

– bugungi uchrashuvdan maqsad mehnat qonunchiligi shakllanishi, mehnat inspeksiyasi tizimi, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida tajribalar almashishdan iborat. O‘tgan yildan boshlab O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining maxsus karoriga asosan, mehnat munosabatlari raqamlashtirildi, ya’ni yagona milliy mehnat dasturiy elektron ta’minot tizimi yaratildi. Aytib o‘tish lozimki, bu O‘rta Osiyoda birinchilardan bo‘lib bizda joriy kilindi va mehnat daftarchalari elektron shaklga o‘tkazilganligi tojikistonliklarda katta qiziqish uyg‘otdi, – deydi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov.
Marosim so‘nggida Tojikiston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi mehnat institutlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Qo‘shni davlat delegatsiyasi tashrifi Yashnobod tumanidagi «Ishga marhamat» monomarkazida davom etadi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA