Hamkorlik ezgulikka xizmat qiladi
Munosabat
Dunyo mudom evrilishlar, yangilanishlar, o‘zgarishlar bilan tobora oldinga ilgarilab boraveradi. Bugunimiz kechamizga, ertamiz bugunimizga o‘xshamagani kabi, hayotimiz ham bir tekis, ravon kechmaydi. Globallashuv barcha sohalarni birdek qamrab olgan hozirgi sharoitda o‘zaro munosabatlar o‘z qolipini yo‘qotib bormoqda. Ayni paytda asrlar davomida ellarni birlashtirgan birdamlik ayrolikka, manfaatlar bir yoqlamalikka aylanib borayotgan davrda yashayapmiz. O‘z taqdirini o‘zi belgilay olmayotgan davlatlar, tarixiy ildizlaridan ayrilayotgan millatlarni ko‘ryapmiz...
Bularning barchasi yer yuzida yangi tamoyillarni, qadriyatlarni yaratishga sabab bo‘lyapti. Mamlakatlarni bir maqsad yo‘lida birlashishga undayapti. Strategik hamkorlikning mas’uliyati ortyapti.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston o‘z pozitsiyasida sobit qolmoqda. Qo‘shni davlatlar bilan do‘stona hamkorlik o‘rnatildi. Iqtisodiy aloqalar mustahkamlandi. O‘zaro teng manfaatli, ochiq va samarali muloqotning yo‘lga qo‘yilishi natijasida chegara, suv, energetika, savdo, tranzit bilan bog‘liq ko‘plab muammolar mustaqil hal etilyapti. Markaziy Osiyoning yetakchi mamlakatlari bilan hamkorlik kengaymoqda. Hamkorlikning yana bir samarasi – mintaqa ichidagi savdo aylanmasi, investitsiyalar, yuk tashuvlari, sayyohlik sezilarli darajada o‘sdi.
Davlatimiz rahbari xalqaro anjumanlarda hamisha yakdil fikri, manfaatli takliflari, xolis munosabatini bildirib keladi. Bu mintaqa ekologiyasi, “yashil” energetika yoki innovatsion texnologiyalar sohasi bo‘ladimi, O‘zbekistonning doimo o‘z aytar so‘zi bor.
Prezidentimiz joriy yil 17 sentyabr kuni Ostona shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari va Germaniya yetakchilarining ikkinchi uchrashuvidagi nutqida ham muhim masalalarni o‘rtaga tashladi.
Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda Germaniya bilan hamkorlikni rivojlantirishning asosiy olti yo‘nalishiga to‘xtalib o‘tdi. Xo‘sh, ular nimalardan iborat?
Avvalo, Markaziy Osiyo va Germaniya o‘rtasida o‘rnatilgan strategik mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda ustuvor sohalarda dasturiy tadbirlarni qamrab olgan uzoq muddatli Hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasini qabul qilish taklif etildi. Buning uchun “Markaziy Osiyo – Germaniya” tahliliy markazlari forumini ta’sis etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish lozimligi bildirildi.
Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan investitsion va texnologik sheriklikni yanada mustahkamlash lozimligi tilga olindi. Bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Germaniya sarmoyaviy va texnologik hamkorligini kengaytirishning yo‘l xaritasini ishlab chiqish, chegara hududlarida yaratilayotgan alohida iqtisodiy va sanoat zonalaridagi, qolaversa, mintaqaviy ahamiyatga ega yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga yetakchi nemis kompaniyalari va banklarini jalb etish to‘g‘risida fikrlar bildirildi. Bu, o‘z navbatida, doimiy biznes-muloqot maydonchasi – “Markaziy Osiyo va Germaniya” investor va tadbirkorlari kengashini ishga tushirishni taqozo qiladi.
Germaniyaning ilg‘or bilim va texnologiyalarini joriy etish asosida muhim xomashyo resurslari sohasidagi sheriklik foydali qazilmalarga boy mintaqamizda geologiya razvedkasi, jadal o‘zlashtirish, qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, Germaniya va Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga yetkazib berish kabi loyihalarni hayotga tatbiq etishga zamin yaratadi.
Bundan tashqari, “yashil” energetika sohasidagi hamkorlik Markaziy Osiyo mamlakatlarining Germaniya bilan energetik muloqotini yo‘lga qo‘yish, ilg‘or tajribalarni o‘rganishni taqozo etadi. Ayniqsa, bu hamfikrlik kam uglerodli iqtisodiyot sohasida mutaxassislar tayyorlash salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan global isish muammosi Markaziy Osiyo mintaqasini ham chetlab o‘tmagan. Bu kabi iqlim o‘zgarishlariga birgalikda javob qaytarishda “Yashil Markaziy Osiyo” dasturlari ikkinchi doirasining ishga tushirilgani va iqlim o‘zgarishlariga mintaqaning moslashuvida nemis mutaxassislarining ko‘magi salmoqli bo‘layotgani e’tirof etildi. Shuningdek, Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish bo‘yicha Markaziy Osiyo universiteti bazasida qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy almashuvlarni amalga oshirish, suvdan oqilona foydalanishda nemis texnologiyalarini joriy etish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, bioxilma-xillikni saqlash, mutaxassis-ekologlarni tayyorlashda hamkorlik dasturlarini qabul qilish taklifi bildirildi.
Transport kommunikatsiyalarining, jumladan, yer usti va havo tashuvlarining zaif rivojlanganligi sherikligimizni chuqurlashtirishda eng katta to‘siq bo‘layotgani, Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi muqobil transport yo‘laklarini rivojlantirish uchun Yevropa institutlarini jalb etishda Germaniya ko‘magi zarurligi qayd etildi.
Shu o‘rinda ayrim jihatlar xususida so‘z yuritishni lozim topdik. Markaziy Osiyo va Germaniya hamkorligi doirasida kadrlar tayyorlash va bu borada Yevropaning nufuzli universitetlari salohiyatidan foydalanish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Birgina Qashqadaryo viloyati misolida oladigan bo‘lsak, bugungi kunda tuman (shahar)larda 9516 nafar (63,4 foiz) yoshlar xorijiy tillarga o‘qitilmoqda. Shuningdek, Qarshi hamda Shahrisabz shaharlaridagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlarida 120 nafar o‘quvchi yosh nemis tiliga o‘qitilmoqda.
Shahrisabz va G‘uzor tumanlaridagi kasb-hunar maktablarida nemis kasbiy ta’lim dasturlari joriy etilmoqda. Bunda bitiruvchilarga xalqaro darajada tan olinuvchi diplom berilib, ular Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlarida ishlash imkoniga ega bo‘ladi. Ayni paytda Germaniyada ishlash istagini bildirgan hamshiralar ham tegishli tartibda tayyorgarlik kurslarida tahsil olmoqda.
Xo‘sh, Germaniya bilan hamkorlik bizga nima beradi? Germaniya dual ta’lim bo‘yicha katta tajribaga ega. Bugun yurtimizda muhandislik sohasida ushbu ta’lim tizimini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yirik korxonalar va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilg‘or muhandislik maktablari tashkil etilyapti. Bu malakali mutaxassislar tayyorlash imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Bundan tashqari, Yevropadagi nufuzli universitetlar bilan hamkorlik xalqaro grantlar dasturlarida ishtirok etishimizga imkon beradi. Yosh olimlarimizning bilim va tajribasi kuchayadi, yangi avlod darsliklari yaratiladi. Ta’lim sifati va samaradorligi ortadi.
Institutimiz Yevropa Ittifoqi Erasmus+ CBHE dasturining faol ishtirokchilaridan biri hisoblanadi. Masalan, “MechaUz” – “Innovatsion g‘oyalar va raqamli texnologiyalar orqali mexatronika va robototexnika bo‘yicha bakalavriat ta’limini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida Germaniyaning “LUCAS NULLE” kompaniyasi tomonidan “Mexatronika va robototexnika” ta’lim yo‘nalishi uchun 22 ming yevrolik laboratoriya jihozlari institutga keltirildi.
Joriy yilda Germaniyaning Ilmenau texnika universiteti va Dortmund texnika universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Memorandum imzoladik. Unga ko‘ra, Germaniya universitetlari bilan birgalikda quyosh suv isitish kollektorlarini ishlab chiqarish, quyosh panellariga xizmat ko‘rsatuvchi qo‘shma SPIN-OFF korxonasini ochish va biznesni yo‘lga qo‘yish, germaniyalik professorlarni mexatronika va robototexnika yo‘nalishlari laboratoriyasiga jalb qilish, institutimiz professor-o‘qituvchilari va yosh olimlarini Ilmenau texnika universitetiga stajirovkaga yuborish, texnika sohasida sun’iy intellekt dasturini ishlab chiqish, Yevropa Ittifoqi grant dasturlarida hamkorlikda ishtirok etish ko‘zda tutilgan.
Markaziy Osiyo va Germaniya hamkorligi mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirish, sohada kadrlar salohiyatini oshirish, ekologik muammolarni bartaraf etish borasidagi ishlarni izchil rivojlantirishga xizmat qiladi. Qolaversa, Yevropa davlatlariga o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajaradi. Shuningdek, sayyohlik va mehnat migratsiyasi sohasida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish fuqarolarimiz uchun viza tartiblarini yengillashtirish imkonini beradi.
Prezidentimiz o‘z nutqida terrorizm va ekstremizm, kiberjinoyatchilikka qarshi kurash, yoshlarning radikallashuvining oldini olish bo‘yicha ham yaqin hamkorlikni davom ettirish muhimligini ta’kidladi. Qo‘shni Afg‘onistonda gumanitar inqirozning chuqurlashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.
Hamkorlik o‘zaro hamfikrlik poydevoriga qurilgan bo‘lsa, ezgulikka xizmat qiladi. Millatlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, muammolarga yechim topishga yordam beradi. O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi o‘z so‘zi, yakdil fikri ana shu tamoyilga asoslangan.
Orifjon Bozorov,
Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori.
O‘zA