Hamjihatligimiz namoyishi
O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz“ festivalining yakuniy bosqichi hamda rassomlar va yosh ijodkorlar asarlaridan iborat ko‘rgazma tashkil etildi.
O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz“ festivalining yakuniy bosqichi hamda rassomlar va yosh ijodkorlar asarlaridan iborat ko‘rgazma tashkil etildi.
Bag‘rikenglik haftaligi doirasidagi ushbu tadbirga milliy madaniy markazlarning faollari, ijodkorlar, talaba-yoshlar taklif etildi.
Ko‘rgazmaning ochilishida ta’kidlanganidek, bugungi murakkab globallashuv davrda yoshlarni vatanparvarlik, fidoyilik, yurtga sadoqat, bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda mamlakatimizda milliy madaniy markazlarning ezgu tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, millati, diniy e’tiqodidan qat’i nazar barcha fuqarolar ongida ko‘p millatli yagona oila tuyg‘ularini mustahkamlashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Yil davomida yurtimizning barcha hududlarida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida bo‘lib o‘tgan an’anaviy do‘stlik va madaniyat festivali ham bu borada muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.
Mazkur festival yurtimiz madaniy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida yorqin voqea bo‘lishi bilan birga, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, vatandoshlarimiz ongida saxovat, bag‘rikenglik, hamjihatlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdek maqsadlarni ko‘zlaydi.
Ayniqsa, festivalning yakuniy bosqichi bag‘rikenglik, insonparvarlik, totuvlik, do‘stlik bayramiga aylandi. Unda mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat etayotgan hamyurtlarimiz faol ishtirok etdi.
Tadbirda “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” respublika festivalining yigirma nafar g‘olibiga maxsus statuetka va diplomlar topshirildi.
Ko‘rgazmada mamlakatimiz rassomlari, milliy madaniy markazlar yosh ijodkorlarning jonajon O‘zbekistonimiz, tinch va osoyishta hayotimiz, yurtimizdagi betakror tabiat manzaralari aks ettirilgan asarlari namoyish qilinmoqda.