Ham guruch ham baliq: O‘zbekistonda ilk bor suv yuzida sholi yetishtirilmoqda
Suv yuzida sholi yetishtirish hamda bir vaqtning o‘zida baliq parvarishlash tajribasi Toshkent, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan sinovdan o‘tkazilmoqda.
Namangan viloyati Mingbuloq tumanidagi “Bosaraliyev Muqimjon” fermer xo‘jaligida ham mana shu noyob tajriba ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Mazkur usul suv havzalaridan ikki hissa unumli foydalanish va ekologik toza mahsulot olish imkonini berishi bilan ajralib turadi.

Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari suv yuzida parvarish qilinayotgan sholi ko‘chatlarining biometrik ko‘rsatkich tahlillarini olish, ularni analiz qilish uchun maxsus ilmiy monitoring ishlarini yo‘lga qo‘ydilar. Xodimlar tomonidan sholi poyasining o‘sish sur’ati, ildiz tizimining suv ostidagi rivojlanishi, barg sathi hamda ozuqa elementlarini o‘zlashtirish darajasi muntazam ravishda o‘rganilmoqda.
Ushbu tajribaning o‘ziga xosligi shundaki, suv yuzidagi maxsus moslamalarda sholi yetishtirilsa, uning ostidagi suv havzasida baliqlar parvarishlanadi. Bu jarayon tabiatda o‘zaro manfaatli zanjirni hosil qiladi.
Ya’ni, baliqlardan ajraladigan organik chiqindilar sholi uchun tayyor va juda boy ozuqa (o‘g‘it) vazifasini o‘taydi. Bir vaqtning o‘zida baliqlar sholi ildizi atrofidagi zararli hasharotlar va ularning lichinkalari bilan oziqlanadi. Bu esa kimyoviy preparatlardan butunlay voz kechish imkonini beradi.
Sholi ildizlari suvni turli zararli tuzlar va birikmalardan tozalab, baliqlar uchun shaffof va kislorodga boy muhit yaratadi. Eng muhimi, an’anaviy sholichilikka nisbatan suv sarfi keskin kamayadi.

Olimlarning dastlabki tadqiqotlariga ko‘ra suv yuzida suzib turgan sholi ko‘chatlari oddiy tuproqdagi sholiga nisbatan tezroq rivojlanmoqda va kasalliklarga chidamliligi yuqori.
Ushbu ekologik va iqtisodiy jihatdan samarali bo‘lgan agrotexnologiya kelgusida respublikamizning boshqa hududlaridagi tabiiy va sun’iy ko‘llarda ham ommalashtirilishi rejalashtirilgan. Bu esa mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishda muhim qadam bo‘ladi.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA