Halol sertifikatlashtirish bo‘yicha memorandum imzolandi
Madaniyat va turizm vazirligi qoshidagi “Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” DUK tomonidan “World Halal Trust Group” va “Halol “MAIB” Xalqaro sertifikatlashtirish markazi” MCHJ bilan halol turizm sohasida yaqin hamkorlikni rivojlantirish maqsadida memorandum imzolandi.
Memorandumda ikki tomonlama hamkorlik va ikki tomonlama aloqalarni o‘zaro manfaatlilik, shuningdek, teng huquqlilik, o‘zaro ishonch, o‘zaro tushunish, O‘zbekiston Respublikasida halol turizmni rivojlantirishda ma’naviy va tijoriy maqsadga muvofiqlik samaradorligi asosida mustahkamlash, halol turizm uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash, davlatning iqtisodiy va madaniy rivojlanishida axloqiy me’yorlar va qoidalarning ahamiyati va muhimligini e’tiborga olish nazarda tutilgan.
Qayd etish lozimki, memorandumga binoan tomonlar “Halol” sertifikatlash masalalari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish va bunday tadqiqotlarni xalqaro, milliy, mintaqaviy darajalarda o‘tkazish usullarini ishlab chiqishda ishtirok etishi, kasbiy tayyorgarlik bo‘yicha qo‘shma dasturlarni tayyorlashi mumkin. Tegishli standart talablariga muvofiq, mehmonxona xizmatlarini sertifikatlash bo‘yicha birgalikda ishlarni amalga oshirishlari mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA