Haftaning har jumasi "Milliy liboslar kuni" etib belgilandi
Toshkent shahridagi bosh boshqarma, boshqarma va tashkilotlar hamda tuman hokimliklarida haftaning har juma kuni "Milliy liboslar kuni" etib belgilandi.
Ushbu kunda mazkur tashkilotlarning ayol xodimlari o‘z ish joylariga milliy liboslarda kelishi tavsiya etilmoqda.
Liboslar – har bir xalq tarixi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, u milliy o‘ziga xoslikni aks ettiradi. Liboslar turli etnik belgilari bilan ham ajralib turadi.
Uzoq tarixni bosib o‘tgan, ajdodlarimiz mafkurasi va dunyoqarashi haqida so‘zlaydigan milliy liboslarimizni saqlab qolish, targ‘ib etish va milliyligimizni unutmaslik maqsadida tashkil etilgan "Milliy liboslar kuni"da maxsus kiyimlar joriy etilgan jamoadagi xotin-qizlar milliy ornamentlardan foydalanishlari mumkin.
Ilk "Milliy liboslar kuni"ni Toshkent shahar hokimligi va Oila va xotin-qizlar boshqarmasining ayol xodimlari milliy liboslarda boshlab berdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA