Gulqog‘ozlar ishlab chiqarish ko‘paymoqda
Xorazm viloyatida bugungi kunda qurilish mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 420 korxona faoliyat yuritmoqda.
Prezidentimiz 2019 yil 30 dekabr kuni parlament palatalari rahbarlari, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirokida yil yakunlari sarhisobi va 2020 yilda amalga oshiriladigan ishlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda barcha sohalarda oldimizda turgan muhim vazifalarni belgilab berdi.
Yig‘ilishda, xususan, qurilish-pudrat va loyiha bozorini tartibga solish, bu bozorda erkin raqobat muhitini va zamonaviy shaharsozlik me’yorlarini joriy etish, qurilishni arzonlashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Xorazm viloyatida bugungi kunda qurilish mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 420 korxona faoliyat yuritmoqda.
O‘tgan yili viloyatda jami 188,4 milliard so‘mlik investitsiyalarni o‘zlashtirish hisobidan 51 loyiha ishga tushirilib, 375 yangi ish o‘rni yaratildi. Qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihalarining amalga oshirilishi hisobidan 42,1 milliard so‘mlik ishlab chiqarish quvvatlari tashkil qilingan.
Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 2019 yilda 98 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, buning evaziga 4 million 900 ming dollar miqdorida valyuta iqtisod qilinishiga erishildi.
Yangi ishga tushirilgan “New Best Style” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasi nufuzi ortishiga xizmat qildi. Yillik quvvati 700 ming rulon bo‘lgan ushbu korxonada turli o‘lchamdagi gulqog‘ozlar ishlab chiqarilmoqda.
Aytish kerakki, korxona ishlab chiqarish quvvatini bosqichma-bosqich oshirib boradi. Xususan, 2020 yili umumiy qiymati 6 milliard 830 million so‘mlik 490 ming rulon mahsulot tayyorlanadi va uning 147 ming ruloni eksport qilinadi. 2021 yilda 560 ming rulon gulqog‘oz ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan bo‘lib, uning 168 ming rulonini eksport qilish rejalashtirilgan. Korxona zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalar bilan jihozlangan.
– Viloyat iqtisodiyotiga jalb etiladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni ko‘paytirish maqsadida Prezidentimizning “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasini tashkil qilish bo‘yicha qaroridan so‘ng biz ham o‘z loyihalarimizni taklif qildik va dasturga kiritildik, – deydi “New Best Style” MChJ rahbari Mansur Bekjonov. – Korxonamizda qurilish ishlari ikki yil davom etdi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 30 foizi, ya’ni 2,5 million dollarlik gulqog‘ozlar xorijga eksport qilinadi. Ayni paytda zamonaviy uskunalar kuniga ikki yarim ming o‘ramdagi gulqog‘oz ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilishi bilan 100 dan ortiq ishchi-xizmatchi bandligi ta’minlandi, ularning ko‘pchiligi yoshlardir.
Xalqaro bozor talablariga javob beradigan raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish, xomashyoni chuqur qayta ishlash orqali tayyor mahsulot turlarini ko‘paytirishda yurtimizning turli hududlarida tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonalarning alohida o‘rni bor.