Gulchilikdan 20 million soʻm daromad
Buni koʻrgan, bilganlar halol va fidoyi mehnatning samarasi yuqori boʻlishini angladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Amudaryo tumani “Uyshin” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi Nuraddin Jalolov oʻz tomorqasida ixchamgina issiqxona qurib, gul ekib har mavsumda faqat gulchilikning oʻzidan 20 million soʻm daromad qiladi.
Dastlab N. Jalolov oʻz tomorqasida gul urugʻlarini undirishga kirishganida koʻpchilik uning gulchilikdan daromad qilishiga ishonchsizlik bildirgan. Lekin, u birinchi yildanoq sarf-xarajatlarini tiklashdan tashqari, anchagina foyda bilan chiqdi. Buni koʻrgan, bilganlar halol va fidoyi mehnatning samarasi yuqori boʻlishini angladi.
Bundan 4 yil oldin oʻz tomorqasining bir qismida gulchilik xoʻjaligini yurita boshlagan N. Jalolovning issiqxonasida ayni kunda 8 ming tupga yaqin turli xil iforli va manzarali gul navlari mavjud. Bu ishlarda unga butun oila aʼzolari, ayniqsa, qizlari yaqin koʻmakdosh. Hozirda oila aʼzolari uyidan chiqmay, tomorqa ishlari bilan band boʻlib, yaxshigina daromad topmoqda.
Nuraddin gulchilikni Omonboydan oʻrgangan. Hozirda ukasi Omonboy Jalolov ham gulchilikni rivojlantirgan. Gulchilik xoʻjaligi orqasidan umr yoʻldoshi va farzandlarining barcha orzularini roʻyobga chiqardi, xonadonini jihozladi. Uning ham faqat gulchilikdan keladigan mavsumiy daromadi 20 million soʻmga yetadi.
Ayni kunda Omonboy Jalolovning xonadoni tomorqasida 15 ming tupdan ziyod gul navlari oʻstirilmoqda. Tomorqasida ayni ish qizigan payt. Gulchilikdan tashqari, sabzavot va poliz ekinlarini ham ekadi. Bu ishlarda ham oila aʼzolari yaqin koʻmakdosh.