Gulchi: Sotilsa hammasi ham pul keltiradi
Gul savdosi eng chiroyli va zavqli bizneslardan biridir. Bu turdagi biznesni boshlash uchun tabiatni, gullarni sevsangiz, boshqalarga e’tiborli bo‘lsangiz va oz bo‘lsada mablag‘ingiz bo‘lsa, kifoya. Shunda u sizga yaxshigina daromad olib keladi.
Zero, gul do‘koniga kirgan har qanday inson, avvalo, bu do‘konning tashqi va ichki ko‘rinishi, sotuvchining muomalasiga e’tibor beradi. Siz xaridorni shirin gaplar bilan nimadir xarid qilishga undasangiz, bu xaridor sizning doimiy mijozingiz bo‘lishi aniq.
– Gul do‘konimizda 40 turdagi gullar mavjud, – deydi gulchi Davron Abdullayev.
– Ular orasida mahalliy gullar bilan bir qatorda, Gollandiyadan keltirilganlari ham bor. Xorijdan olib kelinayotgan ko‘pgina gul turlarini mahalliylashtirish choralarini ko‘ryapmiz. 90 yillardan buyon oilamiz a’zolari gullar parvarishi bilan shug‘ullanib kelgani bois barcha gullarning “tili”ni tushunib qolganmiz. Gollandiyadan olib kelingan forset guli daraxtga o‘xshab o‘sib, katta bo‘lib ketadi. Uni hovliga eksa ham bo‘ladi, faqat kuzda uyga olib kirish kerak. Soya joylarda paporotnik, fikusni o‘stirsa bo‘ladi. Ularga quyosh juda shart emas, lekin baribir ozroq quyosh nurlari tushib tursa foydali. Gulmediya nomli gulni o‘zimizda ko‘paytirdik, u bir yilda 4 marta gullaydi. Ayniqsa, yozda ko‘p va yirik gullaydi. Uning ozuqasiga e’tiborli bo‘lib, hashorotlarga qarshi dorilar sepilsa, daraxtday katta bo‘lib ketadi.
Do‘kondagi ba’zi gullar sovg‘abop shaklda chiroyli qilib o‘rab qo‘yilgan. Gul do‘konida gulxona ham bo‘lib, unda yaqinda urug‘i qadalgan yangi gullarni ko‘rish mumkin. Gulxonaga kirar ekansiz, uning muattar ifori dimoqqa uriladi. Atrofga nazar tashlab, bir dona gulning ildiz otib, rivojlanishi qanchalik mashaqqatli mehnatni talab etishini his qilasiz. Ayniqsa, alohida e’tibor va parvarish talab qiladigan xona gullari go‘dakdek injiq hamda nozik bo‘ladi. Shu bois ularni o‘stirish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi.
– Xalqimiz tomorqalardan unumli foydalanmoqda, gulchilik ham ko‘pchilikka ma’qul kelmoqda, – deydi D.Abdullayev.
– Yaqin o‘n yillarda gulchilik yanada rivojlandi. Biz ham Gollandiya, Xitoyga o‘xshab gul turini ko‘paytiryapmiz. 30 yildan buyon qancha-qancha shogirdlar yetishtirdim. Qozog‘istonga borib, gul parvarishini o‘rgatib keldim. Bunda, ishni injiq bo‘lmagan gullarni yetishtirishdan boshlash kerak. Fikus, shiker shular sirasidan. Gollandiyadan keladigan orxidiyalar bor, ular juda injiq.
Gullar sifatini birma-bir keltirayotgan gulchidan hazil aralash so‘raymiz: “Odamlar orasida pul keltiradigan gul haqida” mish-mishlar yuradi, bu qanchalik haqiqatga yaqin?
– Sotilsa hammasi ham pul keltiradi, – deydi gulchi. Bu javobdan keyin biz ham do‘kondagi bahoriy gullardan birini xarid qildik.
S.Shoyeva, O‘zA