Gulchehra – yilning eng iqtidorli hamshirasi
FOTOREPORTAJ
Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 12 may – Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan “Hamshira – 2025” tanlovi o‘tkazildi.
Tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘rta tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash, kasbiy bilim va malakasini oshirib borish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda markaz bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan hamshiralar ishtirok etdi. Ular “Tanishtiruv”, “Savol-javob”, “Amaliy mashg‘ulot” va “Erkin mavzu” shartlari bo‘yicha o‘z bilim va mahoratini sinovdan o‘tkazdi.
[gallery-23286]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng yuqori natija ko‘rsatgan Gulchehra Yoqubova “Yilning eng iqtidorli hamshirasi”, deb topildi.
– Tanlov hayajonli lahzalarga boy tarzda o‘tdi, - deydi hamshira Gulchehra Yoqubova. – O‘z kasbining sadoqatli vakillari safida omadimni sinab ko‘rdim. Barcha ishtirokchilar bilim va yuksak mahoratga ega bo‘lgani bois, bellashuv qizg‘in tus oldi. Birinchi o‘ringa loyiq ko‘rilganimdan juda xursandman. Bu rag‘bat kelgusi faoliyatimda zimmamga yanada katta mas’uliyat yuklaydi.
Shuningdek, “Yilning eng xushchaqchaq hamshirasi”, “Yilning eng zukko hamshirasi”, “Yilning eng chaqqon hamshirasi” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Kamola Yusupova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA