G‘o‘za parvarishidagi muhim vazifalar
Prezident huzuridagi Paxtachilik Kengashi raisi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda mazkur kengash a’zolari Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida bo‘lib, g‘o‘za parvarishi jarayoni bilan tanishdi.
Tuman hokimligi, fermerlar, paxtachilik klasteri rahbarlari bilan suhbatlashib, kechiktirib bo‘lmas vazifalar yuzasidan fikr almashildi. Jumladan, ekin maydonlarida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarda nimalarga e’tibor qaratish zarurligi, kasalliklarga qarshi biologik kurash, g‘o‘zani o‘g‘itlashdagi me’yor va talablar borasida takliflar berildi.

– Ayni kunlarda g‘o‘zalar vegetatsiyasi avj pallaga kirdi. Bugun to‘g‘ri va oqilona amalga oshirilgan har bir ishlov ertangi mo‘l hosil garovidir, – deydi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri, qishloq xo‘jalik fanlari doktori Yashin Boboyev. – Asosiy maqsad – g‘o‘za parvarishida mineral va biologik o‘g‘itlardan foydalanishga ilmiy yondashish, har bir konturdagi tuproq tarkibiga qarab turlicha parvarishni yo‘lga qo‘yish, agrotexnik tadbirlarni nav mualliflari bilan kelishgan holda amalga oshirishga o‘tishimiz kerak. Bu orqali xarajatlarni kamaytirishga, hosildorlikni oshirish, yer unumdorligini saqlash va daromadni ko‘paytirishga erishish mumkin.

Uchrashuvda fermerlar, tajribali dehqonlarning fikrlari tinglandi, g‘o‘za parvarishiga oid innovatsion yondashuvlar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar xususida mas’ullarning mulohazalari eshitildi, zarur ko‘rsatmalar berildi.

Ma’lumot uchun, 2022 yil 7 iyulda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Paxtachilik kengashi tuzilgan va respublika bo‘yicha 13 tuman tajriba-sinov uchun tanlab olingan. Kengash tarkibida seleksionerlar, urug‘chilik, mineral va biologik o‘g‘itlar bo‘yicha mutaxassislar, tuproqshunoslar, xalqaro ekspertlar bor.
M.Sulaymonov,
O‘zA