G‘o‘za parvarishida hal qiluvchi palla
Paxtachilikda yozgi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish kelgusi hosil taqdirini belgilaydi. Bejizga mutaxassislar bu jarayonni yuqori hosildorlikning muhim garovi deya ta’kidlashmaydi. Zero, g‘o‘zaning baravj rivojlanishi, shonalashi va ko‘sak tugishi aynan shu davrda amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar samaradorligiga bevosita bog‘liq.
Paxtachilikda yozgi agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish kelgusi hosil taqdirini belgilaydi. Bejizga mutaxassislar bu jarayonni yuqori hosildorlikning muhim garovi deya ta’kidlashmaydi. Zero, g‘o‘zaning baravj rivojlanishi, shonalashi va ko‘sak tugishi aynan shu davrda amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar samaradorligiga bevosita bog‘liq.
Oqoltin tumanidagi “Bobur qishloq xo‘jaligi” mas’uliyati cheklangan jamiyati dalasida fermer xo‘jaliklari rahbarlari, agronomlar, suvchilar hamda soha mutaxassislari ishtirokida amaliy seminar o‘tkazildi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad 2026-yil hosili uchun ekilgan g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarni samarali tashkil etish, fermerlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda yuqori hosildorlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berishdan iborat bo‘ldi.

Seminar davomida ishtirokchilar g‘o‘za parvarishining ayni bosqichida bajarilishi lozim bo‘lgan muhim ishlar bilan tanishtirildi. Xususan, mineral va organik o‘g‘itlardan oqilona foydalanish, sug‘orish ishlarini agrotexnik talablar asosida tashkil etish, g‘o‘zaning ozuqaga bo‘lgan ehtiyojini o‘z vaqtida qondirish, qator oralariga ishlov berish hamda zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurash choralari atroflicha muhokama qilindi.

Mutaxassislar tomonidan g‘o‘zaning rivojlanish holati joyida tahlil qilinib, hosildorlikka ta’sir ko‘rsatuvchi omillar yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, chekanka ishlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish, har bir gektardan yuqori hosil olish imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
E’tiborli jihati, joriy yilda Oqoltin tumanidagi fermer xo‘jaliklari va agroklasterlarga qarashli 13 ming 500 gektar maydonda paxta parvarishlanmoqda. Shundan 8 ming gektariga zamonaviy “Shinjon” texnologiyasi asosida chigit ekilgan. Mazkur texnologiya suv va boshqa resurslardan samarali foydalanish, g‘o‘zaning bir tekis unib chiqishi hamda yuqori hosildorlikka erishish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir. Ayni paytda barcha maydonlarda g‘o‘zaning rivojlanish holati yaxshi bo‘lib, nihollar baravj rivojlanmoqda.

– Bugungi kunda paxta maydonlarida amalga oshirilayotgan har bir agrotexnik tadbir kelgusi hosilning poydevorini yaratadi. Ayniqsa, g‘o‘zaning shonalash va gullash arafasida mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish, sug‘orish ishlarini belgilangan me’yorlar asosida tashkil etish hamda parvarish tadbirlarini sifatli bajarish muhim ahamiyatga ega. Ushbu amaliy seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad ham fermerlar va mutaxassislarning bilim hamda tajribasini boyitish, ilm-fan yutuqlari va ilg‘or tajribalarni keng joriy etish orqali yuqori hosildorlikka erishishdan iborat. Bunday amaliy muloqotlar paxtachilikda yuqori natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi, – deydi Oqoltin tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Hamid Matchonov.

Seminar ishtirokchilari dala sharoitida namoyish etilgan ilg‘or tajribalar bilan yaqindan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri