G‘oliblikni Guliston davlat pedagogika instituti jamoasi qo‘lga kiritdi
Jizzaxda o‘tkazilgan “Amir Temur vorislari” harbiy-sport musobaqasining respublika final bosqichida mamlakatning eng kuchli talaba jamoalari o‘zaro bellashib, g‘oliblar munosib taqdirlandi. Musobaqa yoshlarda jasorat, matonat va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur harbiy-sport musobaqasining respublika final bosqichi Jizzax davlat pedagogika universitetida yuqori saviyada o‘tkazildi.
Mazkur nufuzli musobaqada mamlakatimizning turli hududlaridagi 15 ta oliy ta’lim muassasasidan saralangan eng kuchli jamoalar ishtirok etib, g‘oliblik uchun keskin va murosasiz kurash olib bordi. Bellashuvlar yoshlarning jismoniy tayyorgarligi, irodasi va harbiy-amaliy ko‘nikmalarini namoyon etish imkonini berdi.
Musobaqa nizomiga muvofiq ishtirokchilar 100 metrga yugurish, joyidan turib uzunlikka sakrash, turnikda tortilish hamda granata uloqtirish kabi harbiy-sport yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi. Har bir shart hakamlar hay’ati tomonidan xolis va shaffof baholanib, natijalar aniq mezonlar asosida chiqarildi.
Tantanali taqdirlash marosimida Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi direktori Abdumalik Akramov, Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori Maqsudjon Yo‘ldoshev hamda boshqa mutasaddilar ishtirok etishdi. So‘zga chiqqanlar mazkur musobaqaning yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy chiniqishi, ma’naviy barkamolligi va fuqarolik mas’uliyatini oshirishdagi ahamiyatini alohida ta’kidlashdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rinni Guliston davlat pedagogika instituti jamoasi qo‘lga kiritdi. Andijon davlat universiteti talabalari ikkinchi o‘ringa munosib topilgan bo‘lsa, Buxoro davlat universiteti jamoasi uchinchi pog‘onani egalladi.
G‘olib va sovrindorlarga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining I, II va III darajali diplomlari hamda noutbuk, planshet va smart televizor kabi qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri