G‘oliblar viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi
"Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida milliy kurash bo‘yicha "Bosh prokuror kubogi" musobaqasining Andijon viloyati Marhamat tumani bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Marhamat tumani hokimligi, prokuraturasi, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi hamda Bolalar va o‘smirlar sport maktabi hamkorligida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, milliy sport turlarini, ayniqsa, o‘zbek milliy kurashini keng ommalashtirish va iqtidorli yosh sportchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kurash musobaqasi o‘tkazildi. Unda yuzlab yosh polvonlar qatnashib, bellashuvlarda o‘z mahorati va tayyorgarligini namoyon etdi.


Qiziqarli va murosasiz bahslar asosida o‘tgan musobaqada o‘g‘il bolalar o‘rtasida 5 ta, qizlar o‘rtasida 4 ta vazn toifasida g‘oliblar aniqlandi. G‘oliblar musobaqaning viloyat bosqichida ishtirok etib, o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi.

G‘olib va sovrindorlar musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari