G‘oliblar musobaqaning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi
Andijonda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi voleybol musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Andijon davlat tibbiyot instituti sport zalida o‘tkazilgan musobaqalarda uning tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 – 21 hamda 22 – 30 yosh toifalaridagi qizlar va o‘g‘il bolalar jamoalari ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahs olib bordi.

Murosasiz bahslar asosida o‘tgan o‘yinlarning yakuniy natijalarga ko‘ra, 16 – 21 yosh toifasida o‘g‘il bolalar o‘rtasida birinchi o‘rinni Izboskan tumani, ikkinchi o‘rinni Marhamat, uchinchi o‘rinni Asaka tumani jamoalari qo‘lga kiritdi.

Qizlar jamoalari o‘rtasida 16 – 21 yosh toifasida Baliqchi tumani jamoasi birinchi, Marhamat tumani jamoasi ikkinchi, Asaka tumani jamoasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Musobaqaning 22 – 30 yosh toifasidagi bahslarda o‘g‘il bolalar o‘rtasida birinchi o‘rin Bo‘ston tumani, ikkinchi o‘rin Izboskan tumani, uchinchi o‘rin Marhamat tumani jamoalariga nasib etdi. Qizlar jamoalari o‘rtasida esa Marhamat tumani birinchi, Baliqchi tumani ikkinchi va Andijon shahri jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Musobaqaning g‘olib va sovrindor jamoalari kubok, tegishli medallar, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. O‘z yosh toifalarida g‘olib bo‘lgan jamoalar musobaqaning respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qiladi.


F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari