G‘oliblar munosib taqdirlandi
Boyovut tumanida 16–30 yosh oralig‘idagi yoshlar o‘rtasida mini-futbol va futbol bo‘yicha o‘tkazilgan “Davlat xavfsizlik xizmati kubogi–2026” musobaqalarining tuman bosqichi haqiqiy sport bayramiga aylandi.
Mahallalardan shakllantirilgan jamoalar o‘rtasida kechgan bellashuvlar yoshlarning jismoniy tayyorgarligi, jamoaviy hamjihatligi va g‘alabaga bo‘lgan intilishini yaqqol namoyon etdi. Turnir davomida maydonlarda shiddatli va murosasiz bahslar bo‘lib o‘tdi.

Bugun Navro‘z mahallasidagi sport o‘yingohida musobaqaning g‘olib va sovrindor jamoalarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Niyoz Hazratqulov, Davlat xavfsizlik xizmati tuman bo‘limi rahbariyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ullari, Yoshlar ishlari bo‘limi vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan tuman hokimi musobaqa ishtirokchilari va g‘olib jamoalarni samimiy tabriklab, bunday sport tadbirlari mahallalarda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, yoshlar o‘rtasida sportga qiziqishni oshirish, iqtidorli sportchilarni kashf etish va ularni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Qizg‘in va keskin bahslar yakuniga ko‘ra, futbol bo‘yicha “Navbahor” mahallasi jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Shirin , uchinchi o‘rin esa Sarmich mahallasi jamoalariga nasib etdi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan mini-futbol musobaqasida Yangiobod mahallasi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Qizlar o‘rtasidagi bahslarda esa “Olmazor” mahallasi jamoasi barcha raqiblarini ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egalladi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar kubok, diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan munosib taqdirlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA