G‘olib o‘qituvchilar 577 million so‘m mukofot oladigan tanlov boshlandi
Samarqand viloyati pedagogik mahorat markazida “Yil o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining uchinchi bosqichi boshlandi.
Tanlovning ochilish marosimida Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mas’ullari ishtirok etib, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi. Shuningdek, tanlov sinovlarini o‘tkazish tartibi, baholash mezonlari hamda tanlov jarayonining asosiy talablari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shundan so‘ng ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida qur’a tashlash jarayoni o‘tkazilib, har bir pedagogning tanlov sinovlarida ishtirok etish ketma-ketligi aniqlandi.

Joriy yilning 28-30-iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan mazkur bosqichda respublikaning 208 ta tuman va shahridan saralangan 416 nafar pedagog o‘zining kasbiy mahorati, chuqur bilimi hamda innovatsion yondashuvlarini namoyon etadi. Jumladan, Samarqand viloyatidan 32 nafar pedagog ishtirok etmoqda. Ular ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish hamda o‘z kasbiy salohiyatini namoyon etish yo‘lida o‘zaro bellashadi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, Samarqand viloyatining har bir tuman (shahar)idan 1 nafardan, jami 16 nafar, respublika bo‘yicha esa 208 nafar pedagog g‘olib aniqlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, har bir g‘olib bazaviy hisoblash miqdorining 1400 baravari miqdorida, ya’ni 576 million 800 ming so‘m pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri