Go‘zallik yaratayotganlar
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida xotin-qizlarning ta’lim olishi, mehnat qilishi, tibbiy xizmatdan foydalanishi, mazmunli hordiq chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida xotin-qizlarning ta’lim olishi, mehnat qilishi, tibbiy xizmatdan foydalanishi, mazmunli hordiq chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xotin-qizlar haq-huquqlarining himoyalangani, onalik va bolalikning muhofaza qilingani, ayollarning o‘ziga oro berishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun yaratilgan qulay sharoitlar bois opa-singillarimiz ham qalban, ham jisman yanada go‘zallashmoqda.O‘tmish manzarasi
Yozuvchi Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asarida shunday lavha bor: Dehqonqul kun bo‘yi ishlab horiganidan pish-pish uxlayotgan ayolining abgor holiga boqib, xayolga cho‘madi. “Bechora dalada-da bir ko‘ylakda yuradi, uyda-da bir ko‘ylakda yuradi. Bechora kunda-da bir ko‘ylak kiyadi, tunda-da bir ko‘ylak kiyadi. Bechora haftalab bir ko‘ylak kiyadi, oylab bir ko‘ylak kiyadi. Ko‘ylak almashtirayin demaydi... Oyna qarash uchun vaqt topolmaydi...”, deb kuyunadi u.
Asar qahramonining bu o‘ylari mustabid tuzum davri ayollari uchun oddiy voqelik edi. Qishloq ayollari saharmardonlab bola opichlab dalaga chiqib ketar, kuni bilan ishlab, charchab uyga kelgach ham tinim bilmasdi. To qora kechgacha ro‘zg‘or yumushlari bilan andarmon bo‘lar, ertalabga ovqat tayyorlab, kir yuvardi. O‘t yoqib, tandir qizdirguncha yana tong yorisha boshlardi.
– O‘sha vaqtlar “tenglik” deganda bugungidek tenghuquqlilikni emas, erkaklar bilan tengma-teng dalada og‘ir mehnat qilishni tushunganmiz, – deydi samarqandlik Zaynab Erjigitova. – Ayollar ro‘zg‘or yumushlarini bajarish bilan birga suvchilik, traktorchilik, quruvchilik bilan shug‘ullanardi. O‘ziga qarab, batartib yuradiganlar masxara qilinardi. Endi o‘ylasam, “tenglik” deya tabiiy me’yorlar unutilgan, ayol degan nozik xilqatning yelkasiga zalvorli yuklar ortilgan ekan. Yaratganga shukr, bugungi qizlarimiz boshimizdan o‘tgan ana shu og‘ir kunlarni faqat biz kabi kattalarning xotiralari orqali biladi. O‘sha dilxiraliklar aksi bugun xira tortgan suratlarda qolgan, xolos.
Go‘zallik – komillikka da’vat
“Dunyoda yaxshi narsalar ko‘p. Ulardan bahramand bo‘lish odamlarni shod etadi va tabiatlarini pokiza qiladi, ammo hech narsa go‘zal yuz o‘rnini bosa olmaydi, chunki go‘zal yuz shunday quvonch baxsh etadiki, boshqa hech qanday quvonch unga teng kela olmaydi. Aytadilarki, go‘zal yuz dunyoda saodat sababchisidir”, deb yozadi Umar Xayyom “Navro‘znoma” asarida. Demak, insonning tashqi go‘zalligi uning o‘zigagina emas, atrofidagilarga ham xushnudlik, yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi.
Bugungi kunda ko‘plab xotin-qizlarimizning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, “Go‘zallik salon”lari, salomatlik markazlariga borishi kundalik turmushimizda tobora oddiy holga aylanayotganidan quvonamiz. Zero, ayol – avvalo ona, oila gultoji, millat davomchisi, kelajak avlod tarbiyachisidir. Uning har tomonlama sog‘lom, ko‘rkam, oqilaligi oilalar tinchligi, turmush farovonligi, har tomonlama sog‘lom farzand demakdir.
Ulug‘ alloma Ibn Sino go‘zallik asosida ham aql, ham hissiyot yotishini ta’kidlaydi. G‘azzoliy «Ihyo ulum ad-din» kitobida go‘zallik muhabbatga chambarchas tushuncha ekanini isbotlagan. Demak, go‘zallik ruhni poklaydi, qalbni ulg‘aytiradi, fikr, tafakkur, his-tuyg‘uni boyitadi. Unga intilish zamirida ezgulik, hayotga talpinish, ota-onaga, yaqinlarga mehr, erkka, hurlikka muhabbat, yuksalishga, bunyodkorlikka harakat, komilikka da’vat mujassam.
Turmush madaniyati ifodasi
Ayolni sevishga, ardoqlashga yo‘g‘rilgan ezgu qadriyatlarimiz istiqlol sharofati bilan yangicha ma’no-mazmun kasb etib bormoqda. Xotin-qizlarning go‘zallashishiga, o‘zlari ham go‘zalliklar yaratishiga keng imkoniyat yaratilayotir.
Birgina o‘tgan 2014-yilda ayollarni tadbirkorlik sohasiga keng jalb etish va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida kamida 50 foiz ishchi-xizmatchilari xotin-qizlardan iborat bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari tomonidan 770 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi.
Prezidentimiz Islom Karimov Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 22-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida qayd etganidek, aholimiz, avvalo, muhtaram opa-singillarimizning talabiga muvofiq, yurtimizda, shu jumladan, chekka qishloqlarda “Go‘zallik salon”lari, ta’mirlash va tikuv sexlari, maishiy texnikalarni tuzatish shoxobchalaridan iborat 150 dan ortiq xizmat ko‘rsatish kompleksi barpo etilgani turmush madaniyatini oshirishga katta hissa bo‘lib qo‘shildi.
Navoiy viloyatining Konimex tumanida ochilgan “Marhabo” maishiy savdo kompleksi ana shunday maskanlardan biri. Bu yerda faoliyat yuritayotgan “Go‘zallik saloni”, fotosalon, sartaroshxona, liboslar tayyorlash, dizayn va moda zali aholi, ayniqsa, ayollar mehrini qozonib, ularning turmush madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
– Go‘zallik inson qalbiga yo‘l ochadi, muhabbat bilan qarshi olinadi, – deydi «Marhabo» maishiy savdo kompleksi rahbari Marhabo Sharipova. – Buni anglagan ko‘plab ayollar “Go‘zallik saloni”mizning doimiy mijoziga aylangan. Salonda ishlayotgan olti nafar shogirdimga go‘zallik yaratishda nafaqat tashqi ko‘rinishga, balki mohiyatga ham e’tibor qaratish lozimligini uqtiraman. Chunki kiyiladigan libosdan tortib oddiy soch turmagi ham muayyan mazmun ifodalashi kerak. Ular bilan har bir ayolning latofati, nazokati ezgulikka uyg‘un bo‘lsa, haqiqiy go‘zallik kasb etadi.
– So‘nggi yillarda tumanimiz markazida o‘nlab “Go‘zallik saloni” ochilgani biz, ayollarni juda xursand qilmoqda, – deydi Jizzax viloyati Baxmal tumanida yashovchi Dilafruz Farmonova. – Turli bazmlar, bayram kechalari oldidan, qolaversa, oyda bir-ikki marta bunday salonlar xizmatidan foydalanaman. Har bir ayolning bejirim liboslarda, ochiq yuz, ko‘rkam qiyofada yurishi turmush o‘rtog‘ining unga mehr-muhabbatini oshirib, oilaviy munosabatlarining yanada mustahkamlanishiga turtki bo‘ladi-da.
Darhaqiqat, oila – muqaddas qo‘rg‘on. Oilaning mustahkamligi va to‘kisligi ko‘p jihatdan ushbu qo‘rg‘onning malikasi bo‘lgan ayolga bog‘liq. Ayol o‘zini baxtli his qilishi uchun esa ko‘p narsa kerak emas. Bizdan unga ozgina mehr, e’tibor, g‘amxo‘rlik va sadoqat bo‘lsa bas.