Go‘zallik va nafosat ko‘rigi
Toshkent shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bosqichi va “Happy Caravan – 2015” xalqaro turniri yakunlandi.
Toshkent shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bosqichi va “Happy Caravan – 2015” xalqaro turniri yakunlandi.O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Gimnastika federatsiyasi hamkorligida Xalqaro gimnastika federatsiyasi shafeligida tashkil etilgan musobaqalarda dunyoning yigirmadan ziyod davlatidan yuzga yaqin gimnastikachi ishtirok etdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda sport izchil rivojlanmoqda. Yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya, sog‘lom turmush tarzi keng qaror topmoqda. “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” tamoyili asosida qizlar sportga keng jalb etilayotir. Buning uchun barcha shaharu qishloqlarda zarur shart-sharoit yaratilmoqda.
Bunday e’tibordan bahra olib ulg‘aygan o‘g‘il-qizlar sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetmoqda, xalqaro tanlov va musobaqalarda hech kimdan kam emasliklarini isbotlamoqda.
Badiiy gimnastika bo‘yicha bolalar-o‘smirlar ixtisoslashtirilgan respublika olimpiya zaxirasi sport maktabida o‘tgan badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bosqichi va “Happy Caravan” xalqaro turnirida bu jihatlar yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Uch kun davom etgan musobaqalarda yakkaliklar va guruhlar o‘rtasida ko‘pkurash va alohida gimnastika predmetlari yordamida mashq bajarish bo‘yicha final bellashuvlari o‘tkazildi. Qizlarning arg‘amchi, halqa, to‘p, bulava va tasma bilan mashq bajarish bo‘yicha yuksak mahorati, musiqa va ritmni yaxshi his etishi, chaqqon, nafis va yengil harakatlari muxlislarga zavq bag‘ishladi.
– O‘zbekistonda bo‘lganimdan, badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogida qatnashganimdan xursandman, – dedi ispaniyalik gimnastikachi Nataliya Garsiya. – Muhtasham sport saroyining mahobati va muxlislarning ko‘pligi meni hayajonga soldi. Musobaqa keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi.
Badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bosqichida Vatanimiz sharafini himoya qilgan Anastasiya Serdyukova bulavada mashq bajarishda bronza medal bilan taqdirlandi.
– Jahon kubogi bosqichining Toshkentda oltinchi marta o‘tkazilgani O‘zbekistonda badiiy gimnastika rivojiga qaratilayotgan e’tibordan dalolat beradi, – dedi Italiya gimnastika federatsiyasi vakili Gratsiya Charlitto. – Ishtirokchilarning nafaqat o‘z iqtidorini namoyish etishi, balki madaniy hordiq chiqarishi uchun ham barcha shart-sharoit yaratildi. Mamlakatingizga yana kelish, qadim va zamonaviy shaharlaringizni ko‘proq tomosha qilish, bag‘rikeng odamlaringiz bilan tanishish niyatidamiz.
– Jahon kubogi bosqichini yuqori darajada, xalqaro talablarga mos ravishda tashkil etgani uchun tashkilotchilarga alohida minnatdorlik izhor etmoqchiman, – dedi gimnastika bo‘yicha Bolgariya terma jamoasi bosh murabbiyi Ina Ananiyeva. – Mamlakatingizda yoshlar kamolotiga katta e’tibor qaratilayotgani, O‘zbekiston yoshlarining bu imkoniyatlardan unumli foydalanayotgani diqqatga sazovor. Sportchi qizlaringiz kelgusida yanada ulkan muvaffaqiyatlarga erishishiga ishonaman. O‘zbekistonning go‘zal tabiati, xalqingizning boy va rang-barang madaniyati, san’atidan bahramand bo‘lganimizdan g‘oyat xursandmiz.
“Happy Caravan” xalqaro turnirining final musobaqasida gimnastikachilarimiz munosib ishtirok etdi. Sabina Toshkenboyeva ko‘pkurash va alohida gimnastika predmetlari – arg‘amchi, to‘p va bulava yordamida mashq bajarish bo‘yicha jami to‘rtta bronza medal bilan taqdirlandi. Halqa yordamida mashq bajargan Nuriniso Usmonova ham uchinchi o‘rinni egalladi.
– Bunday nufuzli musobaqada ishtirok etishning o‘zi bir yutuq, – deydi S.Toshkenboyeva. – Unda sovrindor bo‘lish esa katta baxt. Bu muvaffaqiyatim mamlakatimizda gimnastika bilan shug‘ullanish uchun yaratilgan keng imkoniyatlar va murabbiylarimning xizmati samarasidir. Kelgusi musobaqalarda bundan-da yuqori natijalarni qo‘lga kiritishga harakat qilaman.
Tantanali marosim gimnastikachi qizlar ishtirokidagi badiiy dasturlar bilan yakunlandi.