“Global tour-2018”da bosh sovrin kimga nasib etdi?
Avval xabar berganimizdek, bugun Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan “Universal Jumping” ot sporti klubida “Global tour-2018” musobaqasining final bosqichi boʻlib oʻtdi. Jami sakkiz bosqichdan iborat ushbu musobaqa mamlakatimizda ot sportini rivojlantirish, qolaversa yosh isteʼdodlarni aniqlash va ularni terma jamoalarga jalb etishga xizmat qiladi.
Avval xabar berganimizdek, bugun Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan “Universal Jumping” ot sporti klubida “Global tour-2018” musobaqasining final bosqichi boʻlib oʻtdi. Jami sakkiz bosqichdan iborat ushbu musobaqa mamlakatimizda ot sportini rivojlantirish, qolaversa yosh isteʼdodlarni aniqlash va ularni terma jamoalarga jalb etishga xizmat qiladi.Bugun musobaqaning yakuniy bosqich bellashuvlari boʻlib oʻtdi. Balandligi 1 metru 35 santimetr boʻlgan toʻsiqlardan sakrash boʻyicha oʻtkazilgan musobaqalarda “V” toifada kutilmagan natija qayd etildi. Iqtidorli chavandozlarimizdan Vadim Kresik oʻzining “Lanselotta” laqabli otida belgilangan masofani 87,87 soniyada va jarima ochkolarisiz bosib oʻtdi. 2-oʻrin esa yana bir umidli sportchi Xumoyun Abdullayevga nasib etdi. U “Miss Meybi” laqabli oti bilan belgilangan masofani 82,73 soniyada, biroq 4 jarima ochkosi bilan bosib oʻtdi. Taniqli chavandozlarimizdan Bekzod Qurbonov esa “Artur” laqabli oti bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi.
Eng tajribali sportchilarimiz oʻrin olgan “A” toifada gʻoliblik terma jamoamiz sardori va eng nomdor sportchimiz Gʻayrat Nazarovga nasib etdi. U oʻzining “Kvatro Junior” laqabli tulporida hammadan yaxshi natijani koʻrsatdi. Keyingi oʻrinlarni Oqil Sobirjonov hamda Xurshid Alimjonovlar band etishdi. Shu tariqa ot sportida joriy mavsum oʻz poyoniga yetdi va endi sportchilarimiz bir muddatlik tanaffusdan soʻng yangi mavsumga hozirlikni boshlab yuborishadi.