Global qutblashuv davrida konstruktiv diplomatiya: SHHTni geoiqtisodiy drayverga aylantirish istiqbollari
Shanxay hamkorlik tashkilotining 25 yilligiga bag‘ishlangan Davlat rahbarlari kengashi sammiti jahon siyosatida tub o‘zgarishlar kechayotgan tarixiy pallada bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro munosabatlarda ishonch taqchilligi keskinlashib, geosiyosiy qutblashuv kuchaygan va Yaqin Sharqdagi keskinlik fonida xalqaro huquq normalari yemirilayotgan murakkab sharoitda tashkilot oldida muhim tanlov turibdi: SHHT shunchaki muloqot maydoni bo‘lib qoladimi yoki ulkan makonning umumiy taraqqiyotini ta’minlovchi qudratli geoiqtisodiy drayverga aylanadimi? O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sammitdagi dasturiy nutqi aynan shu fundamental savolga aniq javob bo‘ldi. Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo SHHTning geografik va strategik o‘zagi ekanini alohida qayd etar ekan, tashkilotning ochiq, bloklardan xoli va tinchliksevar platforma sifatidagi mohiyatini yangi bosqichga olib chiquvchi, uzoq muddatga mo‘ljallangan tashabbuslar paketini ilgari surdi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan markaziy konseptual tashabbus — “SHHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni” qarashi tashkilotning kelgusi o‘n besh yillik strategik vektorini belgilab berdi. Mazkur konsepsiyaning bosh g‘oyasi investitsiyalar, ilg‘or texnologiyalar va bilimlarning erkin aylanishini ta’minlash, yirik infratuzilma loyihalari orqali hududlar, biznes va fuqarolar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Iqtisodiy hamkorlik tashkilot samaradorligining bosh ko‘rsatkichi ekani ta’kidlangan nutqda bugungi kunda O‘zbekistonda SHHT mamlakatlari bilan birgalikda 1,5 mingdan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilayotgani amaliy dalil sifatida keltirildi. Bunday yuqori sur’atni izchil davom ettirish maqsadida maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish tarmoqlari, sotuv bozorlari va logistikani birlashtiradigan “SHHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasi”ni yaratish tashabbusi ilgari surildi. Bu taklif sanoat tarmoqlarida ko‘p tomonlama qo‘shilgan qiymat zanjirlarini barpo etish va biznes uchun universal raqamli darcha ochish imkonini beradi.
Iqtisodiy tashabbuslarni moliyaviy jihatdan mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston yetakchisi uzoq yillardan buyon kechiktirib kelinayotgan masalaga qat’iy to‘xtalib, umumiy tamoyillarni kelishish bosqichidan SHHT Taraqqiyot bankini amalda ishga tushirishga o‘tish vaqti kelganini qayd etdi. Mazkur moliyaviy institut shunchaki ramziy tuzilma emas, balki transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli infratuzilma sohalaridagi umummintaqaviy ahamiyatga ega, amalga oshirishga tayyor aniq investitsiyaviy loyihalar portfeliga tayanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu yondashuv tashkilot doirasidagi moliyaviy resurslarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri umumiy farovonlikni oshiruvchi infratuzilma loyihalariga safarbar qilishga yo‘l ochadi.
Zamonaviy texnologiyalar va raqamli kelajakni shakllantirish masalasi nutqning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning Sun’iy intellekt sohasida hamkorlik bo‘yicha butunjahon tashkilotini tuzish to‘g‘risidagi taklifini olqishlagan holda, O‘zbekiston Prezidenti SHHT ushbu yangi texnologik alyansning birinchi hamkorlari safida bo‘lishi kerakligini bildirdi. Bu borada amaliy qadam sifatida SHHTning ochiq ko‘p tilli ma’lumotlar korpusini yaratish g‘oyasi ilgari surildi hamda kelasi yili Toshkentda SHHTning sun’iy intellekt va yangi raqamli yechimlar bo‘yicha forumini o‘tkazish taklif etildi. Bu tashabbus mintaqa mamlakatlarining texnologik imkoniyatlarini birlashtirish va sun’iy intellekt asrida raqobatbardoshlikni ta’minlashga qaratilgan strategik qadamdir.
Iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelayotgan global xavf-xatarlar bugun oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligi bilan uzviy bog‘liq yagona murakkab tizimni hosil qilmoqda. Sammitda Prezident Shavkat Mirziyoyev bu borada tarqoq emas, balki kompleks dasturlar va ilg‘or bilimlar almashinuvini muvofiqlashtiradigan ixtisoslashgan SHHT mexanizmini tuzish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, 2035-yilga qadar suv va energetika samaradorligi sohasida SHHTning texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklifi ilgari surildi. Bu ekologik tahdidlar kuchayib borayotgan makonda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va barqaror rivojlanishni kafolatlashga qaratilgan pragmatik yechimdir.
Transport-logistika aloqalarini mustahkamlash yo‘nalishida SHHTga a’zo davlatlarning temir yo‘l makonlari integratsiyasi bo‘yicha kengash ta’sis etish tashabbusi bildirildi. Logistika infratuzilmasini muvofiqlashtirish va milliy transport tizimlarining “choksiz” o‘zaro bog‘lanishini ta’minlash ushbu kengashning bosh vazifasi etib belgilandi. Qit’aning tranzit salohiyatini to‘liq ishga solishga qaratilgan mazkur tuzilma transport yo‘laklari samaradorligini oshirib, davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni sezilarli darajada jadallashtiradi.
Xavfsizlik sohasida Toshkent shahrida Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha universal markazning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha qat’iy pozitsiya bildirilib, ushbu qo‘shni davlatni mintaqaviy yaratuvchan jarayonlarga integratsiya qilish zarurligi, buning uchun SHHTning Afg‘oniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklash fursati yetgani ta’kidlandi. Madaniy-gumanitar yo‘nalishda esa xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash maqsadida 2028–2030-yillarga mo‘ljallangan an’anaviy san’at va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash hamda ommalashtirish bo‘yicha hamkorlik dasturi ilgari surildi.
O‘zbekiston Prezidentining mazkur sammitdagi chiqishi Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi ochiq, mas’uliyatli va strategik tashabbuskorlik tamoyillarini yana bir karra yaqqol namoyon etdi. Taklif etilgan barcha g‘oyalar nafaqat mamlakatimizning milliy manfaatlariga, balki butun SHHT makonida tinchlik, ishonch, o‘zaro hurmat va umumiy taraqqiyotni ta’minlashdek oliy maqsadlarga to‘liq xizmat qiladi.
Alisher Egamberdiyev,
O‘zA