Giyohvandlikka qarshi reyd samarali bo‘ldi
Giyohvandlik va psixotrop dori vositalarining aylanmasiga qarshi kurashish borasida Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi va uning quyi tizim xodimlari tomonidan joylarda tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, aniqlangan ma’lumot bo‘yicha Qibray tumani “Madaniyat” MFYda yashovchi 31 yoshli fuqaro o‘zining mashinasida ketayotgan vaqtida to‘xtatilib ko‘zdan kechirilgan. Natijada mashina salonidagi sumka ichida jami 134 ta “tropikomid” va 1 ming 666 dona “regapren” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxs taqiqlangan dori vositalarini sotish maqsadida saqlab kelgan. Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsni dori vositalari bilan ta’minlayotgan ta’minotchi ham viloyat IIBB tezkor xodimlari tomonidan ushlandi.



Yunusobod tumani 11 mavzeda joylashgan MCHJga qarashli dorixonada ishlovchi 26 yoshli fuqaro M.Sh.ning xonadoni va dorixonasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Bu yerda taxminiy bahosi 25 million 740 ming so‘mga teng bo‘lgan, 315 dona “regapen” 45 dona “zardeks”, 39 dona “midaks” va 4 dona “tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotish maqsadida saqlayotgani aniqlanib, hujjatlashtirilib olindi. Bundan tashqari, Zangiota tumanida o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda 1999 yilda tug‘ilgan fuqaro A.S. (erkak) va 36 yoshli Sh.I. (ayol) ham qora bozordagi narxi 21 million so‘m bo‘lgan jami 1 ming 368 dona turli nom hamda ko‘rinishdagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotish maqsadida saqlayotgani aniqlanib, IIBB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Yangiyo‘l shahrida ham tashkil etilgan tezkor tadbir natijasida 32 yoshli fuqaro S.M. (Toshkent shahrida yashovchi)ning qo‘lida bo‘lgan sumka ichidan narxi 11 million so‘mga teng bo‘lgan jami 1 ming 296 dona turli nomdagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi fosh etilib, shaxs protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda qayd etilgan barcha holatlar yuzasidan tergov va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
A.Musayev,O‘zA