Giyohvandlikka qarshi birgalikda kurashamiz
Giyohvandlik – inson salomatligi, oila osoyishtaligi va jamiyat kelajagiga tahdid soladigan illat. Unga qarshi kurashish esa faqat bir idora yoki tashkilotning emas, balki butun jamiyatning mushtarak vazifasidir. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida G‘allaorol tumanida olib borilayotgan ishlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jizzax viloyat hududiy komissiyasi tomonidan tumandagi vaziyat atroflicha o‘rganilib, tuman komissiyasi, mas’ul idoralar, ta’lim muassasalari hamda “mahalla yettiligi”ning narkotik va giyohvandlik moddalari tarqalishining oldini olish, aholini, xususan, yoshlarni uning salbiy oqibatlaridan xabardor qilish borasidagi faoliyatiga e’tibor qaratildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ul xodimlarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.


E’tiborlisi, profilaktika ishlari quruq targ‘ibot bilan cheklanib qolmayapti. Mahallalar va ta’lim muassasalarida ma’rifiy, ijodiy hamda sport tadbirlari o‘tkazilmoqda. Insholar va rasmlar tanlovi, mahalla yoshlari o‘rtasidagi sport musobaqalari, konsert dasturlari orqali yoshlarga sog‘lom hayotning qadri, zararli odatlarning og‘ir oqibatlari tushuntirilmoqda.


Shuningdek, G‘allaorol tumani Madaniyat markazi tomosha zalida mahalliy aholi, yoshlar, nuroniylar, ziyolilar va mehnat faxriylari ishtirokida “Biz giyohvandlikka qarshimiz!” mavzusida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Unda “Giyohvandlik – umr zavoli”, “Biz giyohvandlikka qarshimiz” va “Oilada sog‘lom turmush tarzini shakllantirish” mavzularida tushuntirishlar berildi. Tadbir yakunida namoyish etilgan videofilm chuqur mulohazaga chorlagan bo‘lsa, ajoyib konsert dasturi ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.


Xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasidagi profilaktik ishlar ham izchil davom etmoqda. Tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i, nuroniy onaxonlar hamda mahallalarning xotin-qizlar faollari ishtirokida “Giyohvandlik – kelajakka xavf” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib, giyohvandlik, psixotrop moddalar va boshqa zararli illatlarning salbiy oqibatlari haqida tushunchalar berildi.


Kun yakunida tuman markazida “Giyohvandlik –kelajakka xavf” shiori ostida konsert dasturining namoyish etilgani ham mavzuning ijtimoiy ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatdi. Zero, giyohvandlikka qarshi kurashda eng muhim omillar ogohlik, ma’rifat, sog‘lom muhit va jamoaviy hamjihatlikdir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri